FIFA 2026 yilgi jahon chempionatida bir qator qoidaviy o‘zgarishlarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda jurnalist Gaston Edul xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, eng muhim o‘zgarishlar quyidagilardan iborat:
Almashtirishlar: maydondan chiqayotgan futbolchi 10 soniya ichida maydonni tark etishi shart. Aks holda, uning o‘rniga tushadigan futbolchi bir daqiqa kechiktiriladi va jamoa vaqtincha bir kishi kam bo‘lib qoladi.
To‘pni o‘yinga kiritish: aut tashlash va darvozadan zarbalarda 5 soniyalik cheklov joriy etiladi. Vaqt buzilsa, to‘p raqibga beriladi.
Tibbiy yordam: maydonda yordam olgan futbolchi kamida bir daqiqa tashqarida qoladi (agar jarohat qoida buzilishi natijasida yuzaga kelmagan bo‘lsa).
VAR: tizim ikkinchi sariq kartochkalar (qizilga olib keluvchi holatlar) va noto‘g‘ri berilgan burchak zarbalarini ham ko‘rib chiqishi mumkin bo‘ladi.
Hakam bilan muloqot: faqat jamoa sardori hakam bilan gaplashishi mumkin bo‘ladi, boshqa futbolchilar esa buning uchun ogohlantiriladi.
Qayd etilishicha, ushbu o‘zgarishlar o‘yin vaqtini tejash va tartibni kuchaytirishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, JCh–2026 AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkaziladi. Amaldagi jahon chempioni — Argentina milliy jamoasi hisoblanadi.