Mundial starti yaqinlashgani sari sizu, biz uchun hayajonli onlar boshlanayotganini yanada chuqurroq his qila boshlaymiz. Milliy jamoamizning tarixda ilk marotaba jahon chempionatidek yer sayyorasidagi eng nufuzli musobaqada ishtirok etishi darhaqiqat katta natija.
Yaqinda Muhtaram Yurtboshimiz ta'kidlab o'tganidek, futbolchilarimiz jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritib tarix yaratib bo'lishgan. Bu haqiqat! Bosh murabbiy Fabio Kannavaro esa yo'qotadigan hech narsamiz yo'q, deya o'yinchilardan iloji boricha bosimni olib tashlab, erkin tarzda o'z o'yinidan rohatlanishlarini ta'minlashga harakat qilmoqda.
Dunyo futboli jamoatchiligi, media sohasida tabiiyki, O'zbekiston milliy jamoasi haqida bildirilayotgan fikr, mulohazalar, maqolalar ko'paydi. E'tibor va qiziqish ortdi. Xorijlik OAV vakillari milliy jamoamiz haqida ko'proq yoza boshladilar. Bu albatta biz uchun ham muhim.
Misrlik tajribali jurnalist Muhammad Shaddad Saudiya Arabistonining «Saudiy sport» nashrida faoliyat olib bormoqda. Aytish joizki, u o'zbek futboliga befarq emas va o'zi yaxshi biladigan ma'lumotlarga ham ega. Kuni kecha Tribuna.uz Muhammad Shaddad bilan qiziqarli suhbat uyushtirdi.
- Nihoyat, katta futbol forumi boshlanmoqda. Ushbu jahon chempionati oldidan nimalarni aytgan bo'lardingiz?
- Kutilmalar shuni ko'rsatadiki, bu o'zgacha va tarixiy turnir bo'ladi. Nega deganda, bunda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Shuni his qilyapmanki, Argentina ketma-ket ikkinchi marotaba jahon chempioni bo'lishiga umid qilaman. Texnik tomondan qaraganda, ko'pchilik Fransiya, Portugaliya, Ispaniyani asosiy favoritlar sifatida ko'rmoqda. Shu bilan birga, ko'plab sensatsiyalar ham yuz berishi va Braziliya kabi an'anaviy gigantlarning pley-offning keyingi bosqichlarida pasayishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
- Misr milliy jamoasining tayyorgarligi va yakuniy tarkibidan qoniqdizmi?
- Men qoniqqanman. Lekin Misr bosh murabbiyi Xossam Xassan boshqa jamoalarga qaraganda bitta ortiqcha darvozabon chaqirishga qaror qildi. Holbuki, tarkibdagi bir o'rin tajribali boshqa o'yinchiga berilishi mumkin edi, masalan, Fransiyada faoliyat olib borayotgan Mostafa Muhammad kabi futbolchiga.
Tarkib sifati va zaxira kuchi jihatdan jamoada Muhammad Salah, Omar Marmush, Mahmud Xassan Trezegu va Muhammad Al Shenaviy kabi tajribali yetakchilar bor. Shuningdek, «Al Ahli» va «Zamalek» klublarining asosiy futbolchilari ham jamoaning muhim qismidir. Bu tarkib futbol gigantlariga qarshi raqobatlasha oladigan darajada kuchli.
Bizda guruhdan chiqish va muvaffaqiyatli ishtirok etish borasida katta umidlar bor. Milliy jamoa bosh murabbiyi va afsonaviy sobiq futbolchi – Xossam Xassan boshchiligida ushbu turnir biz uchun omadli kechishiga umid qilamiz.
- Misr va O'zbekiston o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvi yodingizdami? O'sha o'yindan keyin bosh jamoamiz to'g'risidagi fikringiz o'zgarganmi?
- Ha, albatta. Men bu o'yinni eslayman. Men sizlarni yutamiz deb o'ylagandim. Lekin sizlarni tabriklayman. O'zbekiston kabi rivojlanib borayotgan Osiyo futbol maktablariga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlari taktik va jismoniy kamchiliklarni aniqlash uchun juda foydali hisoblanadi. Fikricha, O'zbekiston kuchli jamoa.
Rostini aytsam, shuncha iqtidorli futbolchilarga ega bo'la turib, O'zbekiston nega hali Osiyo chempionati sovrindorlari qatoridan joy olmaganiga hayronman. Umuman olganda, tezkorlik va yuqori jismoniy bosimga tayanadigan raqiblarga qarshi o'ynaganda jamoaga ko'proq moslashuvchanlik kerak, deb o'ylayman.
- Siz shuningdek, o'zbek futboliga qiziqasiz va bir qator o'yinchilarimizni yaxshi bilasiz. Bu haqida nima deya olasiz?
- O'zbekiston futbolida sezilarli o'sish kuzatilmoqda. Ammo hali ham rivojlanish davom etishi kerak. Shunda biz o'zbek klublarini Osiyo Elit Chempionlar ligasi kabi musobaqalarda sovrindorlar qatorida ko'rishimiz mumkin bo'ladi. Transfer bozori bilan shug'ullanishim sababli Sherzod Temirovni yaqindan kuzatib boraman. U hozirda Misrning «Al Ahli» klubini yozgi transfer oynasidagi asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi, garchi hozircha rasmiy taklif yuborilmagan bo'lsa ham.
Mendagi mavjud ma'lumotlarga ko'ra futbolchi Iroqdan tashqarida yangi sinovga tayyor. Har holda uning bo'lajak jahon chempionatidagi o'yinlarini kuzatishni intiqlik bilan kutyapman. Bundan tashqari, «Manchester Siti» safida muntazam kuzatib borayotganim - Abduqodir Husonovni ham yaxshi bilaman. U har bir o'yin orqali juda katta tajriba orttirdi. Debyutida yo'l qo'ygan va golga sababchi bo'lgan xatosidan keyin u sezilarli darajada o'sib, juda kuchli himoyachiga aylandi.
- Milliy jamoamiz yoki o'zbek futboli haqida so'nggi maqolangiz qanday edi?
- O'zbekiston futboli bo'yicha oxirgi ishlarimdan biri yaqin sharqdagi eng taniqli o'zbek o'yinchilaridan biri Jaloliddin Masharipov bilan eksklyuziv intervyu edi. O'sha paytda juda mazmunli hamda samarali suhbat bo'lgandi.
- Agar sizda yana milliy jamoamiz a'zolaridan intervyu olish imkoniyati paydo bo'lsa, kim bilan suhbatlashishni xohlagan bo'lardingiz?
- Men Abduqodir Husonovni tanlagan bo'lardim. Avvalroq bu masalada «Manchester Siti» orqali harakat qilganman. Ammo ular mavsumning eng qizg'in pallasi bo'lgani uchun vaqt noqulay ekanini aytishgan. Nega aynan Husonov? Chunki men uni futbol olamining eng yorqin iste'dodlaridan biri deb bilaman. Uning mahalliy futboldan jahon darajasiga ko'tarilish hikoyasi shubhasiz juda ham ruhlantiradi.
- Mundialda qaysi jamoalardan syurprizlar kutyapsiz?
- Jahon va mintaqaviy miqyosda bo'lajak turnirda etakchilarni hayratda qoldira oladigan jamoalar mavjud. Portugaliya: garchi tarkibida taniqli yulduzlar bo'lsa-da, ayrim mutaxassislar ularni Fransiya va Angliyadan keyingi asosiy favoritlar qatoriga kiritmayapti. Biroq hozirgi tarkibdagi tajriba va yoshlar uyg'unligi ularni juda uzoqqa olib borishi, hatto, barcha kutganidan ham oshib ketib chempionlikni qo'lga kiritishi mumkin. Bu esa faoliyatidagi so'nggi jahon chempionatida ishtirok etayotgan Krishtianu Ronaldu uchun ham ulkan yutuq bo'lardi.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.