«Fenerbahche» «Manchester Yunayted» hujumchisi Markus Rashfordni o'z safiga qo'shish uchun katta moliyaviy taklif tayyorlamoqda. The Sun xabariga ko'ra, turk klubi 28 yoshli futbolchini yozgi transferlar oynasidagi asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilagan.
Manba ma'lum qilishicha, Rashford «Fenerbahche»ning uch nafar asosiy nomzodidan biri hisoblanadi. Ro'yhatdan shuningdek, «Milan» qanot hujumchisi Rafael Leau hamda «Kristal Pels» forvardi Ismaila Sarr o'rin olgan. Klub avval Leau bo'yicha muzokaralar o'tkazgan, ammo tomonlar hozircha kelishuvga erisha olmagan. Shuningdek, Sarr vakillari bilan ham aloqa o'rnatilgan.
Nashrning yozishicha, «Fenerbahche» Rashford vakillari bilan ham dastlabki muloqotni boshlagan. Yangi bosh murabbiy Ismoil Kartal qo'l ostida raqobatbardosh tarkib shakllantirishni maqsad qilgan klub rahbariyati Angliya terma jamoasi a'zosini eng muhim transferlardan biri sifatida ko'rmoqda.
Rashford o'tgan mavsumni ijara asosida «Barselona»da o'tkazdi. Kataloniya klubi uni to'liq sotib olmasligini ma'lum qildi. Jamoa bosh murabbiyi Hans-Diter Flik angliyalik hujumchining jamoani tark etishidan afsusdaligini bildirgan edi. Futbolchi esa Jahon chempionati tugagach, kelajagi borasida shoshilmasdan qaror qabul qilishni rejalashtirmoqda.
Hozircha ushbu transfer bo'yicha rasmiy muzokaralar yoki kelishuv haqida ma'lumot yo'q. Biroq manbaga ko'ra, agar Rashford Turkiyaga ko'chib o'tishga rozilik bersa, «Fenerbahche» uning transferi uchun klub tarixidagi eng yirik sarmoyalardan birini amalga oshirishga tayyor.