Dortmundning "Borussiya" klubi hujumchisi Seru Girassiga "Fenerbahche" jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Sky Sport Germany xabar tarqatdi.
Manba ma'lumotiga ko'ra, Istanbul klubi gvineyalik 30 yoshli hujumchi uchun 35 million yevro taklif qilib, "Borussiya"ning pozitsiyasini o'rganmoqchi bo'lgan. Biroq dortmundliklar futbolchini kamida 40 million yevroga sotishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, xabarda ta'kidlanishicha, Turkiya chempionati hozircha Girassi uchun ustuvor variant hisoblanmaydi.
Ma'lumot uchun, Seru 2024 yildan buyon "asalarilar" sharafini himoya qilib kelmoqda. U o'tgan mavsum barcha turnirlarda 46 ta uchrashuvda maydonga tushib, 22 ta gol va 6 ta golli uzatma qayd etdi.
Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, uning bozor qiymati 32 million yevroni tashkil etadi.