Live
4
O'zbek

Taekvondo. O‘zbekiston Parij Gran-prisini 3 ta medal bilan yakunladi

Boshqalar
12 oktabr, 10:20
Jaysunov amaldagi jahon chempioniga yutqazib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Taekvondo. O‘zbekiston Parij Gran-prisini 3 ta medal bilan yakunladi
Foto: Taekwondo WT

Fransiya poytaxti Parij shahrida joylashgan «Palais des sports Marsel Cerdan» sport saroyida taekvondo WT bo‘yicha G6 kategoriyasidagi Gran-pri turniri o‘z nihoyasiga yetdi.

Mamlakat taekvondo federatsiyasi matbuot xizmati yozishicha, 3 kun davom etgan musobaqada O‘zbekiston jamoasi a’zolari ham ishtirok etib, 2 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Jahon chempioni Najmiddin Qosimhojiyev musobaqada ikkinchi natijani qayd etib, ushbu yil hisobidan ketma-ket ikkinchi Gran-pri turnirida ham sovrindorga aylandi. U iyun oyida Rim mezbonlik qilgan musobaqada bronza medalini qo‘lga kiritgandi. Bu safar 22 yoshli sportchi kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Bir necha kun avval Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan Jasurbek Jaysunov Parijda ham sermahsul g‘alabalarni davom ettirib, finalgacha yetib keldi. Amaldagi jahon chempioni Enrike Markesga qarshi kechgan qizg‘in bahsda omad braziliyalik sportchiga kulib boqdi. Shunday bo‘lsa-da, Jasurbek musobaqaning kumush medaliga sazovor bo‘lib, jahon reytingidagi o‘rniga qimmatli ochkolarni qo‘shib qo‘ydi.

Bundan tashqari, ayollar o‘rtasida -67 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda Ozoda Sobirjonova ham Osiyo o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtirokdan so‘ng Parij Gran-prisida ham medal taqdim etdi. U raqobatga boy o‘tgan bahslar davomida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Shu tariqa, Pavel Xan shogirdlari Parij Gran-prisini 2 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan nihoyasiga yetkazdi. Taqqoslash uchun, O‘zbekiston so‘nggi bor 2023-yilda tashkil etilgan Parijdagi Gran-prida 1 ta oltin medalga ega chiqqan.

Bugungi yangiliklar