Live
6
O'zbek

Osiyo o'yinlari. O‘zbekistonlik besh bokschidan to‘rt nafari yarimfinalga chiqdi

Boks
28 sentabr, 06:45
    22
O‘zbekiston vakillari chorakfinal bahslarida to‘rtta g‘alabaga erishdi, Aziza Zokirova esa jahon chempioniga yutqazdi.
Osiyo o'yinlari. O‘zbekistonlik besh bokschidan to‘rt nafari yarimfinalga chiqdi
Foto: Olypmicuz

Osiyo o‘yinlarining boks bahslarida O‘zbekiston vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Chorakfinal bahslarida Sitora Turdibekova, To‘rabek Xabibullayev, Shavkatjon Boltayev va Feruza Kazakova g‘alaba qozonib, yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

60 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Sitora Turdibekova mo‘g‘ulistonlik Namuun Monxorga qarshi bahs olib bordi. Qiziqarli kechgan qarama-qarshilikda o‘zbekistonlik bokschi 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Turdibekova yarimfinalda Olimpiada chempioni, Xitoy Taypeyi vakili Lin Yu Tingga qarshi jang qiladi.

-90 kg vazn toifasida jahon chempioni To‘rabek Xabibullayev qozog‘istonlik Nurbek Oralbay bilan kuch sinashdi. Markaziy Osiyo derbisida Xabibullayev 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, yarimfinalga yo‘l oldi.

-70 kg vazn toifasida Shavkatjon Boltayev xitoylik Li Guofenga qarshi bahs olib bordi. Butun jang davomida faolroq harakat qilgan Boltayev hakamlar qaroriga ko‘ra 5:0 hisobida zafar quchdi. U yarimfinalda qozog‘istonlik To‘rexan Sabirxonga qarshi ringga ko‘tariladi.

-51 kg vazn toifasida Feruza Kazakova shimoliy koreyalik An Kum Byol bilan bahslashdi. Murosasiz kechgan jangda Kazakova 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, yarimfinalga chiqdi. Uning navbatdagi raqibi amaldagi Olimpiada chempioni, xitoylik Yu Vu bo‘ladi.

-75 kg vazn toifasida esa Aziza Zokirova qozog‘istonlik jahon chempioni va Osiyo o‘yinlari vitse-chempioni Natalya Bogdanovaga qarshi bahs olib bordi. Qizg‘in kechgan jangda Zokirova 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi va musobaqadagi yurishini chorakfinal bosqichida yakunladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning to‘rt nafar vakili Osiyo o‘yinlarining yarimfinal bosqichida ringga ko‘tariladi.

Ma’lumot uchun, yarimfinal bahslarida Sitora Turdibekova, To‘rabek Xabibullayev, Shavkatjon Boltayev va Feruza Kazakova ishtirok etadi.

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

22 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar