«Manchester Yunayted» «Fiorentina»ning hujumchi Joshua Zirkze ijarasi bo‘yicha taklifini ko‘rib chiqmoqda.
Insayder Fabritsio Romanoning xabar berishicha, italiyaliklar futbolchi uchun 5 million yevro to‘lashga, uning maoshi bo‘yicha xarajatlarni o‘z zimmasiga olishga, shuningdek, uni to‘liq sotib olish bandini faollashtirishga tayyor.
25 yoshli niderlandiyalik futbolchining mankunianliklar bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilning 30-iyunigacha mo‘ljallangan. Uning transfer qiymati 20 million yevroni tashkil etadi.
Hujumchi «MYU» safida ikki yil davomida 75 ta o‘yinda maydonga tushib, to‘qqizta gol urdi va to‘rtta golli uzatmani amalga oshirdi.
Futbolchining vakillari ham «binafsharanglar»ning taklifini o‘rganmoqda. Zirkze keyinroq javob berishga va’da berdi.