Italiyaning «Milan» klubi «Barselona» qanot himoyachisi Alexandro Baldeni o‘z safiga qo‘shib olish niyatida. Bu haqda Diario SPORT nashri xabar berdi.
Manbaning xabariga ko‘ra, «rossoneri» kataloniyaliklar bilan bog‘lanib, Balde transferi bo‘yicha ma’lumotlar so‘ragan. «Barselona» 22 yoshli ispaniyalikni 40 million yevroga baholamoqda. Ta’kidlanishicha, «Milan» himoyachini ijaraga olish haqida ham o‘ylamoqda, shu bilan birga to‘laqonli transfer varianti ham inkor etilmayapti.
Shuningdek, Balde xizmatlariga «Manchester Yunayted» klubi ham qiziqish bildirmoqda. Avvalroq «qizil iblislar» futbolchi agenti bilan uchrashuv o‘tkazmoqchi ekanligi aytilgan edi.
Ma’lumot uchun, yangi mavsumda Balde hali maydonga tushgani yo‘q. Uning «ko‘k-anorranglilar» bilan shartnomasi 2028-yilgacha amal qiladi.