«Los-Anjeles Leykers» jamoasining 27 yoshli himoyachisi Luka Donchich NBA tarixida bir uchrashuvda kamida 45 ochko to‘plash, 15 ta ribaund amalga oshirish, 5 ta samarali uzatma berish, 5 marta to‘pni olib qo‘yish va 5 ta uch ochkolik zarbani aniq bajarishga muvaffaq bo‘lgan ilk basketbolchiga aylandi. Bu haqda StatMuse statistik portali ijtimoiy tarmoqda xabar berdi.
Sloveniyalik basketbolchi mazkur natijaga 2 noyabr kuni tongda bo‘lib o‘tgan NBA muntazam chempionati doirasidagi «Toronto Raptors»ga qarshi bahsda erishdi.
Donchich o‘yinni 45 ochko, 15 ta ribaund, 6 ta samarali uzatma va 5 ta to‘pni olib qo‘yish bilan yakunladi.
Shuningdek, katta tanaffusga qadar himoyachi 24 ochko to‘plab, 8 ta ribaund, 4 ta samarali uzatma va 5 ta to‘pni olib qo‘yishni amalga oshirdi. U birinchi bo‘limda 7 ta uch ochkolik zarbadan 6 tasini aniq bajardi. Donchich dastlabki chorakning o‘zidayoq 4 marta to‘pni olib qo‘yish va uch ochkolik masofadan 4 marta aniq zarba berishga erishdi.
«Leykers» «Toronto» ustidan 131:125 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuv davomida kaliforniyaliklar 26 ochkolik ustunlikka ega bo‘lishdi, biroq so‘nggi chorakda raqibga farqni qisqartirish imkonini berishdi.
Donchichdan tashqari, Ostin Rivz 19 ochko to‘plab, jamoa g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Uoker Kessler esa 16 ochko va 15 ta ribaund qayd etib, dabldablga erishdi.
«Leykers» uchun ushbu g‘alaba yangi NBA mavsumidagi yetti uchrashuvda qo‘lga kiritilgan beshinchi g‘alaba bo‘ldi.
Luka Donchich 5 ko‘rsatkich bo‘yicha rekord o‘rnatib, NBA tarixiga kirdi
Boshqalar
2 noyabr, 06:07
«Los-Anjeles Leykers» basketbolchisi «Toronto» bilan bahsda tarixiy natija qayd etdi.
Foto: Getty Images