«Barselona» himoyachisi Jyul Kunde kataloniyaliklarning asosiy tarkibidagi o‘rnini qaytarish uchun jamoaviy mashg‘ulotlardan tashqari qo‘shimcha shug‘ullana boshladi.
Sport.es xabariga ko‘ra, fransiyalik futbolchi mashg‘ulotlar yakunlanganidan keyin ham qolib, jismoniy tayyorgarlik murabbiylari va klub fizioterapevtlari bilan ishlamoqda. Shuningdek, Kunde sport zalidagi mashg‘ulotlarga ham qo‘shimcha vaqt ajratmoqda.
Ushbu mavsumda futbolchining jamoadagi holati o‘zgardi. Ispaniya chempionatining dastlabki to‘rtta bahsida 171 daqiqa maydonda bo‘lgan Kunde faqat bir marta asosiy tarkibda maydonga tushdi.
Kunde «Barselona» safida 2022 yildan beri o‘ynamoqda. Uning kataloniya klubi bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo‘ljallangan.