«Manchester Yunayted» hujumchisi Alexandro Garnacho «Chelsi»ga o'tishni o'zining ustuvor maqsadi sifatida belgiladi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar bermoqda.
Manbaga ko'ra, hozirda londonliklar «qizil iblislar» bilan muzokaralar olib bormayapti. Muzokaralardagi asosiy omil - bu futbolchining narxi bo'ladi.
Shu bilan birga, bitim yaqin orada amalga oshmasligi ta'kidlanmoqda. Chunki «Chelsi» hozircha futbolchilarni sotish va Xavi Simonsni qo'lga kiritishga e'tibor qaratgan.
Eslatib o'tamiz, Garnacho 2020 yilning kuzida «Atletiko»dan «Manchester Yunayted»ga o'tgandi. Bu davr ichida u barcha turnirlarda 144 ta o'yinda maydonga tushib, 26 ta gol urdi va 22 ta golli uzatmani amalga oshirdi.