Proliga ishtirokchisi «Yaypan» murabbiylar shtabida o‘zgarish amalga oshirildi. Klub matbuot xizmati xabar berishicha, Akmal Holmatov jamoaga bosh murabbiy etib tayinlandi.
Qayd etilishicha, klub qarorgohida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Nosir Otaqo‘ziyev, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Sherzodjon Polvonov, klub rahbari Abduvahob Ahmadaliyev hamda O‘zbekiston tumani hokimi o‘rinbosari Muslimbek Ahmedovlar ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida taniqli sobiq futbolchi Akmal Holmatov «Yaypan» jamoasi bosh murabbiyi etib tanishtirilgan.
«Akmal Holmatovni yangi lavozim bilan tabriklaymiz! Unga «Yaypan» jamoasi bilan birgalikda ulkan muvaffaqiyatlar, yorqin g‘alabalar tilaymiz», - deyiladi klub xabarida.
Avvalroq jamoa bosh murabbiyi sifatida ishlab kelgan Rashidjon G‘ofurov sog‘lig‘idagi muammolar sabab iste’foga chiqarilgandi.