Bugun, 30 yanvar kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov kongressi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab jurnalistlar uchun «Situatsion markaz»da milliy jamoa va milliy jamoa futbolchilariga oid statistika hamda ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Qolaversa, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov, sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya Qo‘mitasining Birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamda sport sohasi mutasaddilari «Situatsion markaz» faoliyati bilan tanishdi.
Kongress kun tartibidan esa:
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 2025 yil 22 fevralda o‘tkazilgan Navbatdan tashqari Kongress bayonnomasini tasdiqlash;
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 2025 yil moliyaviy ko‘rsatkichlarini tekshirish bo‘yicha auditorlik hisobotini tasdiqlash;
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 2025 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobot;
Tadbirning ikkinchi qismida «yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimi»ni o‘tkazish kabi masalalar o‘rin oldi.
Tashkilot rahbarligi uchun o‘tgan saylovlarda Bahodir Qurbonov O‘FA prezidenti, Ravshan Ermatov O‘FA birinchi vitse-prezidenti hamda Odil Ahmedov O‘FA vitse-prezidenti lavozimiga qayta saylandi.
Marosimning ikkinchi qismida bir qator nominatsiyalar bo‘yicha 2025 yilning eng yaxshilari e’lon qilindi. O‘zbekiston milliy jamoasini jahon chempionatiga olib chiqqan Temur Kapadze eng yaxshi murabbiy, Turkiya Superligasida to‘purar bo‘lib turgan «Istanbul Bashakshehir» hujumchisi Eldor Shomurodov eng yaxshi futbolchi sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek, milliy jamoalarga eng ko‘p futbolchi yetkazib berayotgan «Paxtakor», «Nasaf» va «Bunyodkor» jamoalari maxsus sovrin bilan taqdirlandi.
Barcha nominatsiyalar g‘oliblari:
Yilning eng yaxshi futbolchisi — Eldor Shomurodov («Bashakshehir»);
Eng yaxshi ayol futbolchi — Diyora Habibullayeva («Sevinch»);
Ayollar ligasining eng yaxshi futbolchisi — Nilufar Qudratova («Sevinch»);
Eng yaxshi murabbiy — Temur Kapadze (O‘zbekiston milliy jamoasi / «Navbahor»);
Ayollar futbolida eng yaxshi murabbiy — Vladislav Xon («Sevinch»);
Eng yaxshi yosh o‘yinchi — Sadriddin Hasanov (O‘zbekiston U-17 jamoasi vingeri);
Eng yaxshi hakam — Ilgiz Tantashev;
Eng yaxshi ayol hakam — Nasibabonu Toshmuhammedova;
Bolalar futboli bo‘yicha eng yaxshi murabbiy — Yusuf Ergashev («Bunyodkor»);
Eng yaxshi hududiy futbol assotsiatsiya — Qoraqalpog‘iston FA;
«Fidoyilik ramzi» — Husam Temirov (uzoq yillar «Nasaf» o‘yinlarini sharhlab borgan sharhlovchi);
«Futbolimiz nuronisi» — Ahrol Inoyatov («Paxtakor» sobiq futbolchisi).