Madridning «Real» klubi afsonasi Serxio Ramosning «Sevilya»ni sotib olish rejasi amalga oshmaydigan bo‘ldi.
El Desmarque xabariga ko‘ra, Andalusiya klubi Ramos va uning investorlar guruhi bilan muzokaralarni rasman to‘xtatgan.
Qayd etilishicha, ikki hafta oldin tomonlar 440 million yevrolik kelishuv bo‘yicha dastlabki hujjatni imzolagan edi.
Dastlabki reja bo‘yicha 80 million yevro klub kapitalini oshirishga, 290 million yevro aksiyadorlarga, qolgan mablag‘ esa klub qarzlarini yopishga yo‘naltirilishi kerak edi.
Biroq chorshanba kungi uchrashuvda Ramos tomoni yangi taklif bilan chiqqan.
Yangi investorlar guruhi klub qiymatini deyarli ikki baravar kamaytirib, umumiy summani 220 million yevroga tushirgan.
Yangi sxemaga ko‘ra 120 million yevro kapital oshirish uchun ajratiladi, evaziga investorlar klubning 42 foiz nazorat paketini qo‘lga kiritadi, yana 100 million yevro orqali qo‘shimcha 18 foiz aksiya sotib olinadi.
Bu esa amaldagi aksiyadorlar ulushining deyarli qadrsizlanishiga olib kelishi mumkin edi.
Natijada «Sevilya» rahbariyati taklifni qabul qilmagan va muzokaralarni to‘liq yakunlagan.
Manbaga ko‘ra, besh oy davom etgan muzokaralar shu tariqa muvaffaqiyatsiz tugagan.