Muborakning “Mash’al” jamoasi murabbiylar shtabini yangiladi. Endilikda klub bosh murabbiyi sifatida tajribali mutaxassis Otabek Narzullayev ish olib boradi. Bu haqda muborakliklar matbuot xizmati xabar berdi.
Bungacha jamoaning bosh murabbiyi vazifasida faoliyat yuritib kelgan Asror Aliqulov esa klubning U-21 jamoasiga bosh murabbiylik qiladi. Mazkur qaror jamoaning ichki tizimidagi ish samaradorligini oshirish, yoshlar va asosiy tarkib o‘rtasida uzviy bog‘liqlik yaratish maqsadida qabul qilindi.
Otabek Narzullayev avval ham “Mash’al”ning turli yosh toifasidagi jamoalari bilan samarali ish olib borgan. Maqsad — yangi mavsumda klubning maqomi va natijalarini yaxshilash, muxlislar ishonchiga munosib jamoa ko‘rinishini ta’minlash.
“Mash’al” rahbariyati, murabbiylar va futbolchilar yangi mavsumda muxlislar ishonchini oqlashga, yuqori maqsadlar sari intilishga bel bog‘lagan”, — deyiladi xabarda. Avvalroq “Mash’al” nigeriyalik futbolchi bilan shartnoma imzolagani ma’lum qilingandi.
