Ispaniya Superkubogini o‘tkazish rejasi e’lon qilindi. Bu safargi bahslarga Turkiya mezbonlik qiladi.
Ma’lum qilinishicha, «Barselona» va «Atletiko» to‘qnash keladigan birinchi yarimfinal 2027-yilning 2-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Jamoalar «Fenerbahche»ning taxminan 48 ming tomoshabinga mo‘ljallangan uy stadionida maydonga tushishadi.
Keyingi kuni, 3-fevral kuni «Real Sosyedad» va «Real» o‘rtasidagi ikkinchi yarimfinal o‘yini bo‘lib o‘tadi. Ushbu bellashuvni «Beshiktosh»ning 42 mingga yaqin muxlisni qabul qila oladigan uy arenasi qabul qiladi.
Superkubok finali 6-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Bu o‘yin «Galatasaroy»ning uy arenasida o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, Ispaniya Superkubogining amaldagi g‘olibi «Barselona» klubi hisoblanadi. «Real Sosyedad» esa mamlakat kubogidagi muvaffaqiyati orqali Superkubokda qatnashadi.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya Superkubogi 2020-yildan buyon Saudiya Arabistonida o‘tkazib kelinayotgandi. Biroq 2027-yil qishida Saudiya Arabistonida Osiyo kubogi bo‘lib o‘tadi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi