Bugun
27
O'zbek

Islom Ahmedov: «Raqib ochiq o‘ynaganida balki imkoniyatlarimiz yanada ko‘proq bo‘lardi»

Eksklyuziv
10 sentabr, 16:21
«Andijon» bosh murabbiyi «Qo‘qon-1912»ga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Islom Ahmedov: «Raqib ochiq o‘ynaganida balki imkoniyatlarimiz yanada ko‘proq bo‘lardi»
Фото: Getty Images

«Andijon» klubi vodiy derbisi doirasida o‘z maydonida «Qo‘qon-1912»ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Avvaliga 0:1 hisobida yutqazayotgan mezbonlar oxirigacha kurashishdi va irodasini namoyish etib, g‘alabani ilib ketishdi.

O‘yindan so‘ng mezbonlar ustozi Islom Ahmedov matbuot anjumanida qatnashdi.

- Bugungi qiyin kechgan g‘alaba bilan muxlislarimizni tabriklaymiz. Qolaversa, o‘yinchilarimizga har qanday bosimni ko‘tarib, oxirigacha kurashib, xarakter ko‘rsatishgani uchun katta rahmat. O‘yin og‘ir kechishini bilardik. Baribir 5 ta himoyachi bilan o‘ynayotgan jamoani yorib o‘tish juda qiyin edi. Raqib o‘yinini o‘rganib chiqqandik, ular asosan qarshi hujumlardan foydalanishadi. Birinchi bo‘limda aynan shu holatdan foydalanib gol urib ketishdi. Umuman olganda, jamoamizdagi barcha futbolchilar yaxshi harakat qilishdi.

- O‘yin davomida jamoangiz ko‘plab burchak zarbalariga ega bo‘ldi. Bu ham yangi bir taktik sxemaga o‘xshadi. Ammo ko‘pi omadsiz yakunlandi. Bunga alohida tayyorgarlik ko‘rilganmidi?

- Har o‘yinga tayyorgarlik ko‘rib boramiz. Lekin burchak to‘plarini asosini olib qolamiz va unga biroz elementlarni qo‘shamiz. Xohlaysizmi-yo‘qmi, raqib jamoa ham sizni o‘rganib chiqadi. Ko‘rinib turibdiki, «Qo‘qon-1912» jamoasi bizni juda yaxshi o‘rganib chiqqan. Shu bois qayerdadir o‘ylaganlarimiz amalga oshmadi.

- To‘g‘ri, jamoangiz g‘alaba qozondi. Ammo, menimcha siz o‘yindan qoniqmadingiz-a?

- Yo‘q, unday demagan bo‘lardim. Raqib ochiq o‘yin ko‘rsatganida balki imkoniyatlarimiz yanada ko‘proq bo‘lardi. Baribir chuqur himoyaga yotib olgan jamoani yorib o‘tish qiyin. Ko‘proq individual harakatlar ish beradi. Ikkinchi taymda futbolchilarimizni individual harakatlari ko‘proq foyda berdi. Agar raqib 5 ta himoyachi bilan emas, ochiqroq o‘ynaganida ko‘proq vaziyatlarimiz ham bo‘lishi mumkin edi.

- Jarima zarbalaridan foydalanish holati kam. Qolaversa, «Qo‘qon-1912» birinchi zonani yopib pressinga o‘tdi. Futbolchilar ko‘proq orqaga o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda esa qilingan o‘zgarishlar yana o‘zini oqladi. Qo‘qonliklarni pressing qilishini bilib, shunga yarasha taktika tanlanganmidi?

- O‘zimizni zonada raqib u qadar pressing qilmadi. Ha, Nimelini oldinroqda kutib olishdi. Lekin oralarida ochiq joylar bor edi. Ikkinchi zonada ularni maydoniga o‘tganimizda barcha o‘yinchilari himoyalanishdi. Ochiq hududlarni yorib o‘tish uchun shoshilgandan ko‘ra orqa paslar bilan yorib o‘tishga harakat qilishdi.

- «Andijon» futbolchilari oxirgi paytlarda bir qator qizil kartochkalar olyapti. Jamoa ichki muhitida o‘zgarishlar bormi?

- Xudoga shukr, muhitimiz yaxshi. Bu ko‘proq xissiyotlarga bog‘liq. Chempionatimizda baribir toliqish ham bo‘ladi. Ko‘proq xissiyotlar bilan bog‘lagan bo‘lardim. Atayin qo‘pollik qilaman deb o‘ynashmayapti.

- Xissiyot deyapsizu, lekin shu narsa bo‘lib ham yetakchi klublarga qarshi o‘yinlarda yuz beryapti. Bu esa jamoani og‘ir holatga tushirib qo‘ymoqda. Masalan, «Paxtakor», «Neftchi» kabi o‘yinlarda kuzatildi. Balki ruhshunos kerakmi? Hissiyotini ham jilovlay olish professional futbolchiga xos.

- To‘g‘ri aytyapsiz. Baribir kuchli jamoalarga qarshi mas’uliyat ikki barobar bo‘ladi. Shuning uchun futbolchilarimiz mas’uliyatni o‘ta o‘z bo‘yniga olishib, o‘zini boshqara olmay qolishyapti. Shuni evaziga kartochkalar kelib chiqyapti.

- «Andijon»ni navbatdagi o‘yini O‘zbekiston Kubogi doirasida 15 sentyabr kuni «Bobur arena»da «Olimpik Mobiuz»ga qarshi bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak raqib Superliga vakili emasligini hisobga olganda o‘yinga futbolchilarni ruhiy tarafdan tayyorlash borasida murabbiylarga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirishi mumkin, deb o‘ylaysizmi?

- Albatta, qiyinchilik tug‘diradi. Baribir kuchli jamoalar bilan boshqacha tayyorgarlik bo‘ladi. Bunday raqiblarga qarshi esa biroz bo‘shashishlik bo‘lishi mumkin. Lekin iloji boricha harakat qilamiz. Maqsadimiz oxirigacha borib, Kubokni qo‘lga kiritish. Shuning uchun aksincha bunday jamoalar kuchli klublarga qaraganda, ikki barobar xavfli bo‘ladi. Shuning uchun o‘yinchilarga har tomonlama tushuntirib boramiz. Maksimal tayyorgarlik ko‘ramiz», - deya Islom Ahmedovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Bugungi yangiliklar