Bugun
27
O'zbek

Andrey Shipilov: «Andijon» o‘z muxlislarining yordami bilan g‘alaba qozondi»

Eksklyuziv
10 sentabr, 15:58
«Qo‘qon-1912» ustozi «Andijon»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Andrey Shipilov: «Andijon» o‘z muxlislarining yordami bilan g‘alaba qozondi»
Фото: Андижон ПФК

«Andijon» - «Qo‘qon-1912» (2:1) o‘rtasidagi o‘yindan keyin mehmonlar ustozi Andrey Shipilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Juda yaxshi, murosasiz o‘yin bo‘ldi. Muxlislarga, fan-klubga alohida rahmat aytmoqchiman. Rostini aytsam, agar ular jamoasiga shunday energiya bermaganida, menimcha, «Andijon» bugun hech narsa qila olmasdi. Muxlislardan juda yaxshi quvvat bo‘ldi. Menimcha, bugun ularning yordami bilan g‘alaba qozonishdi. «Andijon»ni g‘alaba bilan tabriklayman.

Hech narsa bunday natijadan darak bermayotgan edi. Biz o‘yinni nazorat qildik, juda yaxshi gol urdik. Birinchi bo‘limni ajoyib, juda yuqori saviyada o‘tkazdik. Ikkinchi bo‘limda ham hech narsa bunday bo‘lishini ko‘rsatmayotgandi.

Nima bo‘ldi, nima sodir bo‘ldi? O‘yin tugashiga bir necha daqiqa qolgan edi. Biz xotirjam tarzda ikkinchi zonaga, keyin uchinchi zonaga chiqdik, to‘p nazoratimizda edi. Nega uni raqibga berib qo‘ydik? Nega oddiy vaziyatlarda to‘pni yo‘qotdik? Shunchaki turib qoldik.
Balki, futbolchilar o‘z kuchiga ishonmay qolgandir yoki o‘yinni o‘z foydamizga yakunlay olmasligimizdan qo‘rqishgandir — bilmadim. Barchasi mayda detallar, nozik jihatlarga borib taqaladi. Bu bizdagi uchinchi o‘yin. 1:0 hisobida oldinda boryapmiz, butun o‘yinni nazorat qilyapmiz, birdaniga — gol o‘tkazib yuboramiz. Bugun bu yerda hech qanday holatda mag‘lub bo‘lmasligimiz kerak edi. Hech qanday holatda.

Hozir yigitlarga ham aytdim: eng muhimi, tajribali va katta futbolchilarimizda to‘p nazoratimizda edi. Nega shu uslubdan voz kechdik? Nega to‘pni yo‘qotdik? Ehtimol, ularda qandaydir ichki muammolar bordir. Gaplashamiz, muloqot qilamiz. Hozir o‘yinni tahlil qilishga vaqt juda kam. Endi safarga, Kubok o‘yiniga yo‘l olamiz. Bizni juda kuchli va jiddiy raqibga qarshi o‘yin kutib turibdi. Keyin yana to‘qqiz kun ichida bir nechta uchrashuv o‘tkazamiz.

Katta tanaffusdan keyinoq yigitlarga aytganman: endi har bir ochko oltinga teng bo‘ladi. Biz beshta tur davomida mag‘lub bo‘lmadik — ikki durang va ikkita g‘alaba qayd etdik. Demak, xayolda qandaydir xotirjamlik paydo bo‘lgan. Ich-ichimizda ham o‘zimizga ortiqcha ishonch paydo bo‘lgan, shekilli.

- Yetmish daqiqa davomida yuqori pressing o‘ynab, raqibga futbol o‘ynash imkonini bermadinglar. Futbolchilarni almashtirish jarayonida taktikani ham o‘zgartirdingizmi? Keyinchalik pressing avvalgidek ishlamadi.

- O‘n yetti daqiqa qolganida ham yaxshi pressing qildik. Qanday pressing haqida gap ketyapti? Keyin o‘zgarishi tabiiy. Futbolchi taktik jihatdan qandaydir o‘zgarib qolishi mumkinmi? Lekin siz to‘g‘ri aytdingiz. Siz butun vaziyatni ko‘rgansiz. «Andijon» umuman hech narsa qila olmayotgan edi.

Ularda hech narsa o‘zgarmadi, hech narsa o‘xshamadi. Na standart vaziyatlardan, na burchak zarbalaridan foydalana olishdi. Biz vaziyatlarni bir-ikki soniya oldindan o‘qib turdik. Chunki har bir o‘yinga juda jiddiy munosabatdamiz.

Bu o‘yin biz uchun vodiy derbisi edi, lekin hozir har bir uchrashuv biz uchun derbi hisoblanadi. Shuning uchun siz to‘g‘ri aytdingiz — biz hech narsani o‘zgartirmadik. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilardan ham to‘pdan uzoqlashmaslikni, o‘yinni nazorat qilishni va ikkinchi zonadan qanot yoki yarim qanot orqali tezroq oldinga chiqishni so‘radik. Lekin yana bir bor aytaman: sifat, sifat, vaziyatlar, mayda detallar. Ana shu juda-juda muhim jihatlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

- Zaxirada qolgan Tabatadze maydonga tushirsangiz bo‘lmasmidi?

- Biz Tabatadzega ham har o‘yinda imkoniyat beryapmiz. Unga nisbatan hech qanday e’tirozim yo‘q. U juda jiddiy va professional futbolchi. Elbek ham mashg‘ulotlarda o‘zini juda yaxshi ko‘rsatmoqda. Bugun ham maydonga tushib, juda yaxshi ish qildi. Raqibga katta muammolar tug‘dirdi. Sizning 15-raqamli futbolchingiz u bilan kurashda qiynaldi.

U biroz yoshroq va biroz serg‘ayratroq. Toma esa ko‘proq pastda o‘ynaydi va tajribasi kattaroq. Elbekda esa shijoat, yoshlarga xos energiya ko‘proq. Bunday o‘yinlarda bu juda muhim. Shuning uchun u maydonga tushdi va o‘z vazifasini yaxshi bajardi. Umuman, bu yerda uning aybi yo‘q. Siz menga savol berdingiz, lekin muammo unda emas. U maydonda bo‘lgan vaqti davomida o‘z ishini juda yaxshi bajardi. Bu yerda tajribali futbolchilarimiz oddiy vaziyatlarda to‘pni pastda ushlab, yana uch-to‘rtta ortiqcha pas berishlari kerak edi — bo‘ldi. Ammo biz negadir oddiy vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘ya boshladik.

- Gadoyev va Sohibjonovning qaydnomaga kiritilmaganiga sabab jarohatmi?

- Sohibjonovda vaziyat shunday bo‘ldi: u biroz betob bo‘lib qoldi. Biz uning qachon maydonga qayta olishini kutdik. Keyin jamoaga qaytdi, lekin juda ko‘p vazn yo‘qotdi — ikki-uch kilogramm ozib ketdi. Uydagi o‘yinda og‘ir maydonda 45 daqiqa o‘ynashga imkoniyat berdik va u jarohat oldi. Jarohati son orqa qismida. Gadoyev esa o‘sha Samarqandga qarshi uy uchrashuvimizda jarohat oldi. Unda qovurg‘a va son bo‘g‘imi bilan bog‘liq muammo bor. U juda omadsiz tarzda yiqildi. «Dinamo»ga qarshi o‘yinda uch nafar futbolchimizdan ayrildik. Ertaga yoki indinga Yegor Kondratyukni operatsiya qildirishni rejalashtiryapmiz. Agar bugun Yegor maydonda bo‘lganida, Sohibjonov ham safda bo‘lganida, menimcha, ular bizga yordam berishardi - Yegor ham, Sohibjonov ham, Shahrux Gadoyev ham. Umid qilamanki, Gadoyev Kubok o‘yinigacha sog‘ayib qoladi. Sohibjonovning esa ulgurishi qiyin. Yegor esa menimcha, olti-sakkiz oyga safdan chiqadi. Juda achinarli. Lekin bu hech qanday holatda bahona bo‘la olmaydi.

Uch nafar futbolchimiz yo‘q, mayli. Ularning barchasi deyarli bir xil pozisiyada o‘ynaydi. Yegor bu yil juda yaxshi mavsum o‘tkazayotgan edi. Sohibjonovning ham o‘yini chiqib kelayotgandi. Qarshida fenomenal, juda yaxshi o‘yin o‘tkazdi va mana, kutilmaganda shunday vaziyat yuzaga keldi», - deya Andrey Sergeyevichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Bugungi yangiliklar