«Vilyarreal» yarimhimoyachi Daniyel Parexo mavsum yakunida jamoani tark etishini ma’lum qildi.
Klub matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ispaniyalik futbolchi bilan xayrlashuv marosimi La Liga 38-turidan o‘rin olgan «Atletiko»ga qarshi uy bahsi oldidan bo‘lib o‘tadi.
37 yoshli futbolchi «Vilyarreal» safida 2020-yildan buyon to‘p tepib kelayotgandi. Ushbu davr mobaynida u jamoa tarkibida 269 ta rasmiy bahsda maydonga tushdi va klub tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar ro‘yxatida to‘qqizinchi pog‘onadan joy oldi.
Parexo «Vilyarreal» bilan 2020/21-yilgi mavsumda Yevropa Ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, jamoa 2021/22-yilgi mavsumda Chempionlar Ligasi yarimfinaligacha yetib borgandi.