Uzoq tanaffusdan keyin Superliga chempionligini qo'lga kiritgan "Neftchi" hamda mamlakat kubogining amaldagi g'olibi "Paxtakor" o'rtasidagi Superkubok o'yini Andijonda o'tkaziladi. Bu haqda O'zPFL matbuot xizmati xabar berdi.
"Taqvim rejaga ko'ra, Superkubok bellashuvi 15 mart kuni bo'lib o'tadi. So'nggi yillarda Liga Superkubok bellashuvini may oyida o'tkazib kelayotgan edi. Biroq mamlakat bosh jamoasi jahon chempionatida ishtirok etadigan mavsumda muxlislar uchun ahamiyatli bo'lgan super uchrashuv mart oyiga rejalashtirildi.
Superkubok o'yiniga Olmaliq yoki Namangan shahridagi stadionlar ham mezbonlik qilishi mumkin edi. Biroq OKMK va "Markaziy" stadionlarida ta'mirlash ishlari davom etayotgan bo'lib, ularning qayta ish boshlash sanalari aniq emas. Shundan kelib chiqqan holda, Andijondagi "Bobur arena" varianti eng maqbul variant deb topildi.
"Bobur arena" ketma-ket ikkinchi mavsum katta futbol uchrashuviga mezbonlik qiladi. Bir yil muqaddam O'zbekiston kubogining final uchrashuvi tarixda ilk bor Andijonda o'tkazilgandi.
Qayd etish lozim, viloyat hozirga qadar Superkubok o'yiniga mezbonlik qilmagan va mazkur voqelik ham "Bobur arena" uchun birinchisi hisoblanadi", — deyiladi xabarda.