Madridning «Real» klubi darvozaboni Tibo Kurtua La Liga 2-turida «Espanyol»ga qarshi bahsdan so‘ng mezbonlarning hakamlik borasidagi e’tiroziga javob qaytardi. «Espanyol» ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Vinisius Juniorga ishora qilib, futbolchiga nechta raqibga zarba berganidan keyin ikkinchi sariq kartochka berilishi haqida savol qoldirgandi.
«Men bizga qarshi o‘ynagan barcha jamoalar boshqa klublarga qarshi bahslarda ham shunday postlar yozishini istardim. Ularning futbolchisi Kalatrava qizil kartochka olishi kerak edi.
Avvalo o‘zlariga va maydondagi futbolchilariga qarashlari kerak. Barcha hujumchilar yiqiladi. Boshqalarga qarash juda oson», — dedi Kurtua Mundo Deportivo nashriga.
Eslatib o‘tamiz, «Espanyol» — «Real» bahsi madridliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. «Real» safida Jud Bellinghem va Espi, mezbonlar tarkibida esa Kalatrava gol urgan.