Kanada milliy jamoasi yarimhimoyachisi Ismael Kone operatsiyadan keyin jamoa qarorgohiga qaytdi va jamoadoshlari tomonidan iliq kutib olindi.
Eslatib o‘tamiz, futbolchi JCH-2026 guruh bosqichida Qatarga qarshi uchrashuvda (6:0) oyog‘ining ikkita boldir suyagini sindirib olgan edi. U maydondan zudlik bilan olib chiqilib, shifoxonaga yotqizilgandi.
Kone jamoa qarorgohiga limuzinda qaytib keldi. U avtomobildan qo‘ltiqtayoqlar yordamida tushdi.
Kanadalik futbolchilar jamoadoshini qarsaklar bilan kutib olishdi. Shundan so‘ng har bir futbolchi Kone bilan alohida quchoqlashib, unga dalda berdi.
Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, yarimhimoyachini kamida besh oylik tiklanish jarayoni kutmoqda. Shu sababli uning uchun JCH-2026 yakunlangan.
Ayni paytda Kanada B guruhida 4 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Kanadaliklar guruhdagi so‘nggi uchrashuvda Shveysariyaga qarshi maydonga tushadi. Har ikki jamoa hisobida ham 4 tadan ochko mavjud, biroq qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra Kanada yuqoriroqda joylashgan.