14 sentyabr kuni «Neftchi» klubi Osiyo Chempionlar ligasi Elit musobaqasi doirasidagi ilk o‘yinini Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida Iroqning «Eyr Fors» jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
O‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Neftchi» bosh murabbiyi Islom Ismoilov va jamoa sardori Anvar Gʻofurov ishtirok etishdi.
Islom Ismoilov: - Avvalo, muxlislarni Farg‘onaga uzoq yillik tanaffusdan so‘ng yana Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasi qaytayotgani bilan tabriklayman. Albatta, bu klub uchun juda katta yutuq. Bu yo‘lda juda ko‘p insonlar mehnat qilishdi. Ertangi uchrashuvga jamoa har tomonlama katta tayyorgarlik ko‘rdi. O‘ylaymanki, ertaga barcha o‘zbekistonlik ishqibozlarni g‘alaba bilan xursand qilamiz.
Anvar Gʻofurov: - OCHL Elit musobaqasini boshlash arafasidamiz. Xudo xohlasa, Farg‘ona xalqiga, ushbu musobaqada o‘ynashga harakat qildik. Ertangi uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Ertaga Farg‘ona xalqiga bayram ulashishga harakat qilamiz.
- «Neftchi»ni musobaqani «Eyr Fors»ga qarshi boshlashi qanchalik yaxshi?
Islom Ismoilov: - Musobaqada oson raqibni o‘zi yo‘q. O‘z nomi bilan Elit Osiyo Chempionlar ligasi va bu yerga o‘z mamlakatini eng yaxshi jamoalari tashrif buyurgan. «Eyr Fors» jamoasi ham 6 karra Iroq chempioni. To‘g‘ri, oxirgi paytlarda ularni chempionatida omadsizlik bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Lekin bizni vazifamiz bularga e’tibor qaratish emas, balki o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratish. Raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar oldimizga qo‘yilgan, talab qilayotgan o‘yin uslubimiz bor. Tezlikda, yuqori intensivlikda va vertikal futbolni ko‘rsatish. Sababi, Osiyo darajasidagi klublarga raqobat qilish uchun bizga aynan shu o‘yin uslubi kerak bo‘ladi. Buning ustida tinimsiz ishlayapmiz. Shuni hisobga olgan holatda raqib kim bo‘lmasin, barchaga bir xil ko‘z bilan qaraymiz. Hamma raqibni hurmat qilamiz va barchaga qarshi bor kuchimiz bilan kurashamiz.
- «Neftchi» OCHLga biroz kutilmagan formada yetib kelyapti. Bir oy oldin ham jamoa juda ajoyib formada edi. Transferlar ham amalga oshirildi. Uchta yangi o‘yinchi ertaga maydonga tushishga tayyormi? Safarda Buxoro va Qarshida 10 ta gol o‘tkazib yuborildi va markaziy himoya sizni xavotirga solmayaptimi?
Islom Ismoilov: - Albatta, bu har bir jamoada bo‘ladigan holat. Doimiy ravishda barqaror o‘tkazishni imkoni yo‘q. Bunga bir nechta omillar sabab bo‘lishi mumkin. Ko‘rib turganingizdek, tarkibimizda juda katta yo‘qotishlar bor. Xohlaymizmi-yo‘qmi, bu o‘yin jarayoniga ta’sir qiladi. Lekin biz har bir futbolchiga ishonch bildiramiz. Har bir musobaqani o‘ziga yarasha ruhiyati va tayyorgarligi bor. O‘zbekiston chempionati va OCHL Elit umuman boshqa daraja, buni barcha tushunib turibdi. Bu yerda ruhiyat katta rol o‘ynaydi. Futbolchilar ham ushbu turnirga katta xohish bilan tayyorgarlik ko‘rishyapti. Uzoq kutishdi. Jamoamizni oxirgi paytlarda barqaror o‘yin ko‘rsatmagani OCHL Elitga umuman ta’sir qilmaydi. Asta-sekinlik bilan yana o‘z holatimizga qaytyapmiz. Jarohatdagi futbolchilar ham klub ixtiyoriga qaytishyapti. Mavsumni muhim pallasini ham shiddatli yakunlashni istaymiz.
- Raqibni o‘rgangan paytingizda katta xavf tug‘diradigan jihatlarni ham o‘rgandingiz. Bunga qarshi qandaydir taktikalarni ishlab chiqdingizmi?
Islom Ismoilov: - Albatta, raqibni oxirgi 5-6 ta uchrashuvlarni ko‘rdik. Kamchilik va yutuq tomonlarini tahlil qilib chiqqanmiz. Har bir jarayonga alohida reja ishlab chiqqanmiz. Buni ustida mashg‘ulotlarda ishladik. Buning samarasini ertaga maydonda ko‘rsatamiz.
- Savolim Anvar Gʻofurovga. O‘zingizda hech qanday ruhiy bosim yo‘qmi? Jamoada yigitlarni kayfiyati qanaqa?
Anvar Gʻofurov: - Ancha yillardan beri Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynashni havas qilardim. Xudoga shukr, shu kunlarga yetib keldik. Kayfiyatimiz a’lo darajada. Futbolchilarda bosim yo‘q. Ertaga optimal o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- Tarkibga yangi qo‘shilgan legionerlarni moslashuvi qanday ketyapti va ertaga ularni asosiy tarkibda ko‘ramizmi?
Islom Ismoilov: - Yangi futbolchilarga keladigan bo‘lsak, tarkibimizga endigina qo‘shilishdi. Hozirdan tarkib bo‘yicha aniq ma’lumotlarni ochiqlamayman. Ularni jamoaga tezroq moslashtirishga harakat qilyapmiz. Ular ham tajribali, yaxshi saviyadagi futbolchilar. Ushbu yigitlardan ham ko‘p narsa kutyapmiz. «Neftchi»ni yanada kuchaytirish uchun transfer bozorida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.
- Klubda jarohatlanganlar bor. Bu sizni rejangizga qanchalik ta’sir ko‘rsatyapti?
Islom Ismoilov: - Har bir futbolchini jamoada o‘z o‘rni bor. Bir o‘yinchi chetda qoladigan bo‘lsa, bu o‘z-o‘zidan o‘yinga ta’sir qiladi. Tarkibimizda ularni o‘rnini to‘ldiradigan va kerak paytda yordam bera oladigan o‘yinchilar ko‘p. Ertaga yo‘qotishlar o‘rnini bilintirishmaydi. Bu vaziyatdan chiqib ketish uchun barcha ishlarni amalga oshiramiz.
- Raqib jamoa ustozi bizda yo‘qotishlar bor, deb aytib o‘tdi. Bundan qanchalik foydalana olamiz?
Islom Ismoilov: - Boshida ham aytib o‘tdim-ku, ularni muammolari biz uchun qiziq emas. Ularni yo‘qotishlariga, chempionatida nechanchi o‘rinda ketayotganiga umuman fokus qaratganimiz yo‘q. Bor e’tiborimizni o‘z o‘yinimizga qaratyapmiz. Bu bitta o‘yin va har narsa bo‘lishi mumkin. Ertaga o‘zimiz xohlagan o‘yinni ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- Botirali Ergashev oxirgi uchrashuvlarda omadsiz o‘yinlarni o‘tkazyapti. Farg‘onaliklar uni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Umuman, darvozabon masalasida rejalaringiz qanday?
Islom Ismoilov: - Hozir hech narsani o‘ylaganimiz yo‘q. O‘ylayotganimiz ertangi uchrashuvda g‘alaba qozonish. Botirali Ergashevni doim qo‘llab-quvvatlaymiz. Jamoa uchun juda ko‘p mehnat qilgan. Bitta xato bilan uni pastga urish noto‘g‘ri bo‘ladi. Botiraliga ishonamiz. U ham bu narsalarni tushunib turibdi va o‘zida ham katta ishtiyoq bor. Ishonchli o‘yinlari bilan yana qaytadan muxlislar mehrini qozonadi. Bu uchrashuvni qaytadan oyoqqa turishi uchun juda katta vazifani bajarib bera oladi.
- Yangi olib kelingan o‘yinchilar anchadan beri o‘ynashmagan. OCHL Elit oldidan bu katta tavakkalchilik emasmi? Ular qanchalik tayyor? Har holda 5 oydan beri futbol o‘ynamagan.
Islom Ismoilov: - Aynan qaysi futbolchi?
- Casse va Augusto bo‘yicha.
Islom Ismoilov: - Sassega keladigan bo‘lsak, unda jarohat yo‘q. Mavsumni yaxshi o‘tkazgan. Ha, oxirgi marta mayda o‘ynagan. Lekin u 29 yoshda va juda katta potensiali bor. U birinchi marta maydonga tushayotgani yo‘q. Futbolda shunaqa holatlar bo‘ladiki, yaxshi darajadagi o‘yinchi yillar davomida jarohatlar oladi, lekin qaytgandan keyin jamoa unga ishonch bildiradi. Shuni hisobidan Sasse juda tajribali o‘yinchi, uni har tomonlama o‘rganib chiqqanmiz. O‘yin uslubimizga mos kelgani uchun jamoaga jalb qilganmiz. Mashg‘ulotlarda o‘zini to‘liq ko‘rsatishga harakat qilyapti. Mishelga kelsak, jarohat sabab mavsumni to‘liq o‘tkaza olmagan. Lekin hozir unda hech qanday jarohati yo‘q. Tiklanish jarayoni yosh futbolchida tez kechadi. Markus ham oxirgi uchta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan. Jarohati yo‘q. Jamoaga jalb qilingan barcha futbolchilarni jarohati yo‘q.
- Yangi kelgan o‘yinchilar qancha muddatga shartnoma imzolashdi?
Islom Ismoilov: - Futbolchilarni shartnomalari uzoq muddatli. Yarim yil yoki bir yil emas.
Anvar Gʻofurov: - Legionerlarimizni yaxshi kutib oldik. Jamoaga yaxshi qo‘shilib ketishdi. Mashg‘ulotlarda ko‘ryapmiz, biz bilan yaxshi chiqishyapti. Murabbiylar kuzatishyapti va ular kimni o‘ynatishni o‘zlari bilishadi.
- Milliy jamoa ustozi Fabio Kannavaro jamoani yangilaymiz dedi. Siz ham milliy jamoadan chaqiruv oldingizmi?
Anvar Gʻofurov: - To‘g‘risi, jarohat olgandim va hozirda sport formamni tiklab boryapman. Hali kimlarni chaqirganini bilganim yo‘q. Chaqirsa qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz. Murabbiy kimni yaxshi formada qabul qilib, chaqirsa bu murabbiyni qarori. Chaqirmasa xafa bo‘lmaymiz, to‘g‘ri tushunamiz. Futbolchi murabbiy falsafalariga mos tushishi kerak», - deya matbuot anjumanida murabbiy va futbolchilarning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi