O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Mirshohid Tillaboyev World Boxing xalqaro boks tashkilotining vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.
Panama davlatida World Boxing tashkilotining navbatdagi kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda kun tartibidagi asosiy masalalardan biri tashkilot vitse-prezidentini saylash bo‘ldi.
Ushbu lavozimga nomzodi ilgari surilgan Mirshohid Tillaboyev ovoz berish jarayonida katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi.
Saylovda dunyoning 95 ta milliy boks federatsiyasi vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston vakili raqiblariga nisbatan sezilarli darajada ko‘proq ovoz to‘plab, xalqaro tashkilot rahbariyatidan o‘rin oldi.
Ushbu natija Mirshohid Tillaboyevning xalqaro sport maydonidagi ko‘p yillik faoliyati va mehnatiga berilgan yuksak baho sifatida e’tirof etilmoqda.
Shuningdek, uning World Boxing vitse-prezidenti etib saylanishi O‘zbekiston boks maktabining jahon miqyosidagi nufuzi va mamlakatimiz boksiga bo‘lgan ishonchning yana bir ifodasi bo‘ldi.