Proliga 9-turida "Metallurg" safarda "Sho‘rton" jamoasi bilan ro‘baro‘ keldi. O‘yindan keyin bekobodliklar bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"Murosoasiz kurashlarga boy uchrashuv bo‘ldi. Golga qadar o‘yin bo‘ldi, xavfli vaziyatlar unchalik ko‘p bo‘lmadi. Ha, standartlar bo‘ldi, lekin buni xavfli vaziyat deb hisoblamayman. 'Sho‘rton'ni g‘alaba bilan tabriklayman.
Endi keyingi uchrashuv haqida o‘ylashimiz lozim, chunki 'Orol' bilan 'Sho‘rton' ilg‘arilab ketmoqda. Birinchi davra tugashiga bitta tur bor, shu o‘yinni yaxshi o‘tkazib olishga harakat qilamiz.
Aytganimdek, o‘yin golga qadar bo‘ladigan bahslardan bo‘ldi. Gol urib olgach, 'Sho‘rton' himoyani ayniqsa mustahkam ushladi, bizda esa zaxiradan tushganlar o‘zlarini ko‘rsata olishmadi.
'Sho‘rton'ning zaif nuqtalari? 'Sho‘rton' — yaxshi jamoa. Zaif nuqtasi bo‘lganida, bizni yuta olmasdi. O‘yin davomida nisbatan hujum chizig‘imizdan ko‘nglim to‘lmadi.
Proligada chempionlikka 'Orol', 'Metallurg' va 'Sho‘rton' jamoalari kurashadi. Shu uchta jamoadan boshqa chinakam da'vogarni ko‘rmayapman. Biz uchun har bir o‘yin qiyin o‘tmoqda. Har bir raqib biz bilan o‘yinda maydonga boshqacha motivatsiya bilan tushmoqda. Hali birinchi davra ham tugagani yo‘q, eng qizig‘i hali oldinda deb o‘ylayman. Kim chempion bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Bizga esa yana yarimhimoyachi va hujumchi kerak", — deya Mo‘minjonovning so‘zlaridan keltiradi "Metallurg" matbuot xizmati.