O‘zbekistonlik futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o‘z Telegram kanalida O‘zbekiston — Eron o‘yini oldidan qiziqarli faktlarni taqdim etdi. Quyida ularni e’tiboringizga havola etamiz:
«O‘zbekiston milliy jamoasi Eronga qarshi ushbu yildagi sakkizinchi o‘yinini o‘tkazadi. E’tiborlisi, bu yil milliy jamoamizning Osiyo vakiliga qarshi ilk bahsi bo‘ladi. Bungacha Gabon, Venesuela, Kanada, Niderlandiya, Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DR bilan o‘ynadik.
Eron O‘zbekiston eng ko‘p to‘qnash kelgan raqib hisoblanadi, jamoalar shu paytgacha 18 marta o‘zaro kuch sinashgan. 2025 yilning o‘zida tomonlar mart, sentyabr va noyabr oylarida uch bor o‘yin o‘tkazgan.
Fabio Kannavaro O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatida 11 o‘yin o‘tkazdi. Ularning 9 tasi boshqa konfederatsiyalar vakillariga qarshi kechgan. Eronga qarshi bahs italiyalik mutaxassis uchun forslarga qarshi ikkinchi to‘qnashuv bo‘ladi.
Hozirda O‘zbekiston 5 o‘yinlik mag‘lubiyatli seriya qayd etmoqda. Ularning barchasi Osiyodan tashqari jamoalarga qarshi kechgan», — deyiladi xabarda. Avvalroq Kannavaro Argentina bilan muzokara o‘tkazilgani rost ekanini aytib o‘tgandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi