Bekobodga yana katta futbol qaytib, mahalliy muxlislar bundan xursand, albatta. Hozirda Pro ligada qatnashayotgan «Metallurg» klubi oldiga Superligaga qaytish vazifasi qo‘yilgan. Biroq bu vazifani bajarish yo‘lida turli qiyinchiliklarga duch kelinayotgani bor gap. Bu borada rahbariyatda, murabbiylar shtabida va tarkibda ham o‘zgarishlar kuzatildi.
Jumladan, yaqinda klub bosh direktori lavozimiga Shavkat Saidov qaytarildi. Bilasiz, u «Metallurg» faoliyatini to‘xtatishidan oldin uzoq yillar davomida ushbu jamoada direktor sifatida ishlab kelgan. E’tiborlisi, shundan keyin klubning natijalari ijobiy ko‘rinish ola boshladi.
Endilikda u klubni kuchlilar qatoriga qaytarishdek muhim mas’uliyatni zimmasiga olgan. Tribuna.uz jurnalisti esa Shavkat Saidov bilan suhbatlashdi.
- Shavkat aka, siz yana «Metallurg» klubi bosh direktori lavozimiga qaytdingiz. Bungacha «Bunyodkor» akademiyasida faoliyat ko‘rsatib kelgandingiz. Bilamizki, «Metallurg» siz uchun juda qadrdon jamoa sanaladi. Ilgari u yerdan ketganingizda yana qachondir qaytishingizni his qildingizmi va bu amalga oshishiga ishonganmidingiz?
- Xabaringiz bor, o‘sha 2024-yili jamoamiz bilan birga matonat ko‘rsatib, «Metallurg»ni Superligada saqlab qolgandik. Shundan so‘ng bizga shunday xabar kelgandiki, kombinatimizning iqtisodiy holatidan kelib chiqib, jamoamiz Superligada ishtirok etmasligi aytildi va jamoa bilan do‘stona xayrlashdik.
Lekin bu juda ham yurakdan qiyin kechdi. Haqiqatan, «Metallurg» biz uchun qadrdon va yuragimizning bir parchasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay «Bunyodkor»dan taklif bo‘ldi. Nomdor klub akademiyasiga rahbar bo‘lib ishga o‘tdim. O‘zim uchun ajoyib bo‘lgan bir yarim yilni o‘tkazdim. Yana ko‘plab yangiliklar yaratildi. Asosiysi, bir yarim yil ichida juda katta ishlar amalga oshirildi. Sport tomondan yuksak natijalarga erishildi. Har bir jamoamiz Toshkent shahri chempioni bo‘ldi. Respublikada yaxshi o‘rinlarni egalladi. Bundan tashqari, hammamiz yaxshi kollektiv bo‘lib, ajoyib natijalarga erishdik.
«Metallurg» biz uchun qadrdon klub hisoblanadi. Kombinatimiz rahbari Bahodir Abdullayevning tashabbusi bilan jamoamiz yana qayta tiklandi. Klub ochilishiga bizni ham taklif qilishdi, juda xursand bo‘ldik. O‘zingiz bilasiz, «Metallurg»ning o‘ziga yarasha nomi bor. 1998-yildan beri elitada ishtirok etib keladi. Jamoaning Pro ligada qatnashishiga ruxsat bergan mutasaddilarga alohida rahmat aytmoqchiman. Yaxshi jamoa yig‘ildi. Faqat biroz kech yig‘ilgani sababli balki natijalar ko‘ngildagidek bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Lekin futbolni aldab bo‘lmaydi. «Bunyodkor»da ishlagan davrimizda ham chin ko‘ngildan «Metallurg»ning o‘yinlarini kuzatib bordim. Birinchi davradagi 3-4 ta o‘yiniga bordim. O‘sha paytda ham klub rahbariyati bilan ko‘p fikr almashdik. O‘zimizning rahbarlar tavsiyasi bilan qaytdik va yangidan ish boshladik. Bir yil klubning Superligada qatnashmagani, akademiyaning orqaga ketgani katta yo‘qotishga sabab bo‘ldi.
- «Metallurg» klubi jarlik yoqasida edi va bu yil jamoa yana o‘nglanib, Pro ligada qatnasha boshladi. Oldiga Superligaga qaytish vazifasi qo‘yildi. Ammo ko‘p ochkolar yo‘qotildi. Natijada sizni qaytarishdi va natijalar ham o‘zgarib, jamoa uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ishni nimadan boshladingiz?
- «Metallurg» oldiga yuqori vazifa qo‘yilgan. Lekin siz ham uzoq yildan beri futbol ichidasiz, bilamizki, bu bir yilda amalga oshadigan ish emas. Oldingi rahbariyat ham, murabbiy ham jonini berib ishlagani yaqqol ko‘rinib turibdi. Ko‘p ochko yo‘qotilganining sababi jamoa yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagani yoki seleksiya yaxshi qilinmagani emas. Har bir klubda seleksiyada xatolar bo‘ladi. Bizning boshimizdan ham o‘tgan. Pro liga darajasi Superligaga yaqinlashmoqda. «G‘azalkent», «Respublika FA», «Lochin» kabi yosh jamoalarda yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. Bundan tashqari, 4-5 ta klub oldiga Superligaga chiqish vazifasini qo‘ygan. O‘yinlar juda keskin o‘tyapti.
Ishga kelganimdan keyin nimani o‘zgartirdik? Tabiiyki, seleksiyada yana o‘zgarishlar qildik. Murabbiylar shtabida o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Bularning barchasi falsafamizga bog‘liq. Natijalarga keladigan bo‘lsak, tajribali va iqtidorli yoshlarni yig‘ganmiz. Bu ijobiy natijalarga sabab bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ko‘proq professional jihatlarga e’tibor berishni boshladik. Musobaqadagi o‘rnimiz o‘z-o‘zidan yuzaga kelgani yo‘q. Professional jihatlarga ko‘proq e’tibor beryapmiz. Bu talab futbolchilarga ham, mutasaddilarga ham qo‘yildi. Hamma o‘z ishini bajarsa, baribir natijaga erishiladi, deb o‘ylayman. Hamma ishlab chiqilgan reja va dastur bo‘yicha ishlayapti. Xudo xohlasa, imkon qadar harakat qilamiz. Lekin bu oson ish emas. Tuzilmaga, kadrlarga ham e’tibor berdik. Seleksiyada ham ancha ishlar amalga oshirildi. Aytganimdek, futbolni aldab bo‘lmaydi, bu bir kunlik ish emas. Ishlashda davom etamiz. Hamma ham xato qiladi. Ichki intizomni, tashkiliy tuzilmani yangilasak va talabni oshirsak, o‘zimiz xohlagan natijaga erishamiz.
- Avvalgi bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov paytidagi «Metallurg» bilan Ilyos Qurbonov bosh murabbiylik qilayotgan «Metallurg» o‘rtasidagi farq nimada?
- Nazarimda, bu biroz nozikroq savol. Ilhom Mo‘minjonov bilan ancha yildan beri bir-birimizni taniymiz va o‘zaro hurmatimiz bor. Ilhom ham tajribali murabbiylardan. Ilyos Qurbonov ham ko‘plab tajribali mutaxassislar bilan yonma-yon ishladi. Uning ham o‘ziga yarasha tajribasi bor. Mo‘minjonovning o‘yin falsafasida ko‘proq hujumga e’tibor berilardi. Natijalarga ham qarasangiz, u chindan ham hujumkor futbol tarafdori. Ilyos Qurbonov ham hujumkor futbolni yaxshi ko‘radi. Lekin jamoaviy himoyani tartibga keltirishda farqi bor, deb o‘ylayman. Ikkalasi ham birgalikda ishlashdi. Ilhom Mo‘minjonovga Ilyos Qurbonov ikkinchi davraga tayyorgarlik jarayonida ham yordam berdi. Bu yerda ikkalasining ham o‘rni bor. Rahbariyat kelishib, hozirgacha Qurbonov vaqtincha bosh murabbiy lavozimida ishlayapti. O‘zini ko‘rsatishga harakat qilyapti. Ikki murabbiyni ajratmagan bo‘lardim. Ammo hozirgi «Metallurg»da tartibli futbol namoyish qilishga harakat qilinyapti.
- Umuman olganda, jamoaning Superligaga qaytish imkoniyatini qanday baholayapsiz?
- Superligaga chiqish imkoniyatimiz yo‘q emas, bor. Qolgan o‘yinlardan keyin yana bilamiz. Har bir uchrashuvga maksimal darajada g‘alaba uchun chiqamiz. Imkoniyatimizni raqamlab ayta olmayman. Bu — futbol. Hozir bir narsa desam, ertaga boshqacha bo‘lishi ham mumkin. O‘ylaymanki, imkoniyat oxirigacha saqlanib qoladi.
- Klub infratuzilmasi ham yangilandi. Hozirda jamoani yangidan qurish borasida qanday ishlar va rejalar amalga oshirilmoqda?
- 2024-yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, ancha oqsoqlanish ko‘zga tashlanganligi ma’lum bo‘lib turibdi. Infratuzilmani 2016-2017-yildan boshlab bosqichma-bosqich yaratgandik. 2021 va 2022-yillarda Superliga klublari orasida infratuzilmasi kuchli uchlikka kiradigan jamoa edik. Sababi, barcha sharoitlarimiz a’lo darajada edi. Nima kerak bo‘lsa, hamma sharoit bor edi. Ajoyib akademiya qurildi. «Real»ning «El Golazo» akademiyasi bilan hamkorlik qildik. Bugungi kunda ham akademiyamiz sharoitlarini eng yaxshilaridan biri, deb ayta olaman. Faqat 2023 va 2024-yillar davomida o‘yinlarimizni Olmaliqda o‘tkazdik. Chunki asosiy maydonimiz chimini almashtirish masalasi bor edi. O‘sha davrda qolgan infratuzilma borasida eng yaxshilardan biri edik. Albatta, kamchiliklar bor, bularni asta-sekin bartaraf etamiz. Infratuzilma, birinchi navbatda, mablag‘ga bog‘liq bo‘ladi. Keyin uni saqlash uchun ham yana mablag‘ kerak bo‘ladi. Biz ham qarab turganimiz yo‘q. Yangicha davr, yangicha fikrlar. Tuzilmamizda tijorat, marketing va media bo‘limlarini birlashtirib ochganmiz. Yaxshi mutaxassislarni taklif qilganmiz. Imkon qadar boqimandalikni tark etib, o‘z sa’y-harakatlarimiz bilan pul topib, infratuzilmamizni yuqori darajaga olib chiqmoqchimiz. Maqsadimiz «Metallurg»ning eski nomi va mavqeini qaytarib, uni yanada yuqoriroqqa olib chiqish. Klubimiz prezidenti bilan yangi loyihalar ustida maslahatlashyapmiz. Bir nechta variantlar bor. Ulardan biriga to‘xtaladigan bo‘lsak, keyingi intervyularda bilib olasizlar. Hammasi, birinchi navbatda, moliyaviy holatga bog‘liq. Ikkinchi o‘rinda esa klub akademiyasi falsafasiga bog‘liq. Ikkala variantda ham ishlash qiziq bo‘ladi. Chunki aniq maqsad bor. Har qanday holatda ham bundan o‘zbek futboli va ayniqsa, Bekobod futboli yutadi. Hammasiga vaqt kerak. Ko‘rpaga qarab oyoq uzatish lozim.
Osiyo o‘yinlarida Yaponiyaga qarshi o‘yindan xursand bo‘ldim. Akademiyamizning ilk qaldirg‘ochlari — Samandar Muratboyev akademiyamizning dastlabki tarbiyalanuvchilaridan va hozir «Nasaf»da. Qanot himoyachilari Ro‘zimboy Fayzullayev, Ravshan Xayrullayev kabi futbolchilar ham bizda ta’lim olgan. Qolaversa, Olimpiya terma jamoamiz safida «Metallurg»dan Saidumarkhon Saidnurullayev ham o‘ynamoqda. Xursand qiladigani, o‘sha paytda akademiyamiz to‘g‘ri yo‘ldan borgan. Qolaversa, akademiyamizning yana bir nechta tarbiyalanuvchilari hozirda qator klublarda to‘p tepishyapti.
Oxirgi 4-5 yilda o‘zbek futbolida oldinga katta siljish bo‘ldi. Buning barchasi hukumatimiz, Muhtaram Yurtboshimizning futbolga, ayniqsa, bolalar futboliga qaratayotgan e’tibori o‘z mevasini berayotganidan dalolat. Turli terma jamoalarimizda barcha akademiyalarning tarbiyalanuvchilari o‘ynashyapti. Oldinlari ko‘proq «Paxtakor», «Bunyodkor» va «Nasaf» akademiyalaridan futbolchilar olinardi, hozir esa deyarli barcha akademiyalardan bor. Katta raqobat bo‘lyapti. Shu darajani ushlab tursak, biz uchun Yaponiya, Koreya, Eron kabi jamoalar bosh og‘rig‘i bo‘lmaydi. Ular uchun biz bosh og‘rig‘i bo‘lamiz.