«Real» himoyachisi Antonio Ryudiger jamoadoshi Alvaro Karreras bilan yana mojaro qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu haqda El Chiringuito jurnalisti Markos Benito ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ikki hafta avval mashg‘ulot vaqtida futbolchilar o‘rtasida yana ziddiyat yuzaga kelgan va jamoadoshlar vaziyatga aralashib, Ryudigerni uzr so‘rashga majbur qilgan.
Avvalroq Onda Cero jurnalisti Migel Serrano ham germaniyalik himoyachi Karrerasni urganini iddao qilgandi. COPE nashri vakili Migel Anxel Dias esa bu voqea fevral oyida sodir bo‘lganini aytgan.
The Athletic ham aprel oyida Ryudiger jamoadoshlaridan biri bilan mojaro qilgani haqida yozgan va futbolchi keyinchalik uzr so‘rab, jamoani oilalari bilan birga tushlikka taklif qilgani qayd etilgan.
Karrerasning o‘zi esa vaziyatga izoh berib, buni katta muammo sifatida baholamagan.
«Bu bir martalik va jiddiy bo‘lmagan holat edi, hammasi allaqachon hal qilingan», — degan futbolchi.
Ma’lumot uchun, «Real» ichki muhitidagi vaziyat so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida faol muhokama qilinmoqda. Avvalroq Valverde va Chuameni mashg'ulot paytida janjallashib ketgani xabar qilingandi.