Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro “Markaziy sektor” loyihasida Davron Fayziyevga intervyu berib, mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan suhbat nima haqida bo'lganini ochiqlab, davlat rahbarining futbolchilarga qarata aytgan gaplarini qoʻllab-quvvatladi.
“Suhbatimiz ajoyib oʻtdi. Sababi prezident futbolni juda yaxshi biladi. Prezident futbolni rivojlantirish boʻyicha ajoyib tushunchaga ega. Prezidentga neapollik ekanligimni va shu orqali Italiyada futbol madaniyati qanday ekanligini, koʻchalarda, qishloqlardagi maydonlarda va hattoki cherkovlarda ham futbol oʻynalganini, bu normal holat boʻlganini aytdim. Prezident futbolni rivojlantirish boʻyicha yaxshi tushunchaga ega ekanligi uchun ham Oʻzbekistonda futbol tez oʻsishga erishmoqda.
Prezident ajoyib fikr bildirib oʻtdi. Ya'ni, futbolchilarimiz jahon chempionatiga borishganda hech qanday bosimni his qilmay, qoʻrqmasdan oʻynashlari kerakligini aytdi. Rostdan ham futbolchi qoʻrqmasdan oʻynaydigan boʻlsa, eng yaxshi oʻyinini koʻrsata olishi mumkin. Oʻzim ham ularga JCh-2026dan bahra olishimiz muhimligini aytdim. Jahon chempionati – biz uchun katta futbol bayrami. Butun dunyoga nima qodirligimizni koʻrsata olsak, mundialdan bahra olishimizni aytdim”, - dedi Kannavaro suhbatda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston milliy jamoasi JCh-2026dagi dastlabki oʻyinni 18 iyun sanasida Kolumbiyaga qarshi maydonga tushsa, 2-turda Portugaliya, 3-turda Kongoga qarshi saf tortadi.