OKMK yozgi transfer oynasi doirasida xorvatiyalik futbolchi Ivan Peshich bilan shartnoma imzolaganini rasman e'lon qildi.
34 yoshli futbolchi mavsumning ikkinchi qismini Olmaliq klubi safida o'tkazadi. Tomonlar o'rtasidagi mehnat shartnomasi joriy mavsum yakuniga qadar amal qiladi.
Peshich professional faoliyati davomida Yevropaning qator klublarida to'p surgan. U Xorvatiyaning U-19 jamoasi sharafini himoya qilgan. Faoliyati davomida Ruminiyaning «Dinamo» Buxarest va «Kindiya», Ukrainaning «Vorskla», Belarusning «Dinamo» Minsk, shuningdek, Qozog'istonning «Shaxtyor» Qarag'anda, «Kaspiy» va «Qaysar» klublarida ham o'ynagan.
OKMK rahbariyati tajribali futbolchining xalqaro tajribasi, tezkorligi va hujumdagi samarali harakatlari jamoaning hujum chizig'ini yanada kuchaytirishiga umid qilmoqda.
Eslatib o'tamiz, OKMK O'zbekiston Superligasining 12-turida 17 iyul kuni mehmonda «Navbahor» bilan o'ynaydi.