Braziliyalik yosh futbolchi Estevao Villian nima sababdan «Manchester Yunayted» taklifini rad etib, «Chelsi»ni tanlaganini ochiqladi. 18 yoshli futbolchi London klubi uzoq muddatli loyihasi uning maqsadlariga ko‘proq mos kelishini aytdi.
Estevao «Palmeyras»dan ketishdan oldin bir nechta ingliz klublari bilan muzokara olib borgan. «Manchester Yunayted», «Tottenhem» va «Nottinghem Forest» ham unga qiziqish bildirgan. Biroq yakunda «Chelsi» taqdim etgan loyiha ustun kelgan.
Futbolchi London klubi yoshlarni asosiy tarkibga dadil jalb qilayotgani va muntazam o‘yin amaliyoti berishga tayyorligi hal qiluvchi omil bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikricha, aynan muntazam daqiqalar Angliya chempionatida tezroq o‘sish imkonini beradi.
«Oilam boshqa klublar bilan ham uchrashdi, ammo e’tiborimni tortgani «Chelsi» bo‘ldi. Ularning loyihasi boshqacha edi. Bu jamoa senga ko‘proq imkoniyat beradi, ko‘proq maydonga tushasan. Men uchun ideal kelajak shu yerda deb o‘yladim, chunki ko‘proq daqiqalar olaman. Men dunyoning eng yaxshi futbolchilari qatorida bo‘lishni istayman. O‘z salohiyatimni bilaman va «Chelsi»ga nimalar bera olishimni ham», — dedi Estevao.
U o‘z o‘yin uslubida kimdan ilhomlanishini ham yashirmadi:
«Neymar. O‘sha darajaga chiqishim mumkinmi, buni vaqt ko‘rsatadi», — deya qo‘shimcha qildi braziliyalik futbolchi.