«Andijon»ga nisbatan O‘FA Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan transfer taqiqi qo‘yildi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati xabar berdi.
«O‘zining sobiq murabbiylari Grigoriy Kolosovskiy, Pavel Sinelnikov, Denis Toymensov oldidagi qarzdorlik majburiyatlarini belgilangan muddatda bartaraf etmagani uchun «Andijon» futbol klubiga nisbatan transfer taqiqi qo‘yildi.
O‘FA Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasi ushbu masala shu yilning 10-sentabr sanasiga qadar hal qilinishini belgilab qo‘ygandi. Masala ijobiy hal etilmasa, «Andijon» futbol klubiga ketma-ket ikki ro‘yxatdan o‘tkazishning to‘liq davrlarida milliy va xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni Liga ro‘yxatidan o‘tkazishiga taqiq qo‘yilishi bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Masala ijobiy hal etilmagach, taqiq avtomatik ravishda kuchga kirdi. Bu haqda «Andijon» futbol klubi 25-sentabr kuni qo‘mita tomonidan xabardor qilindi», — deyiladi xabarda.
Avvalroq «Bunyodkor»ga navbatdagi transfer taqiqi qo‘yilgani ma’lum qilingandi.