Toshkentning «Bunyodkor» klubiga navbatdagi transfer taqiqi qo‘yildi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati xabar berdi.
«Ma’lumki, «Bunyodkor» futbol klubining sobiq futbolchisi Rivaldo oldida yuzaga kelgan qarzdorligi oqibatida FIFA tomonidan transfer taqiqi qo‘llanilgan bo‘lib, ushbu taqiq faqatgina bitta shart — qarzdorlik to‘liq bartaraf etilganidan so‘ng olib tashlanadi.
25-sentabr kuni O‘FA Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan «Bunyodkor» klubiga ketma-ket ikki ro‘yxatdan o‘tkazishning to‘liq davri davomida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq qo‘yildi.
Boisi, «Bunyodkor» o‘zining sobiq futbolchisi Samandar Mavlonqulov oldidagi qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagan.
Yuqoridagi ikki masala yuzasidan qo‘llanilgan sanksiyalar alohida-alohida bo‘lib, shu ishlar doirasidagi majburiyatlar to‘liq bajarilganidan keyingina transfer taqiqi yechiladi. Ungacha «Bunyodkor» nafaqat professional futbolchilarni Liga ro‘yxatidan o‘tkaza olmaydi, balki akademiya futbolchilarini ham MyLeague platformasiga qo‘sha olmaydi.
Endilikda, «Bunyodkor» dastlabki transfer taqiqi qo‘yilguniga qadar ro‘yxatdan o‘tkazgan futbolchilari bilan amaldagi shartnoma va kelishuvlarini uzaytirish orqali klub qaydnomasini shakllantirishi mumkin.
Shuningdek, akademiya tarbiyalanuvchilari orasidan ham faqatgina taqiq kuchga kirguniga qadar MyLeague platformasiga kiritilgan futbolchilari bilan mehnat shartnomasi imzolab, ularni ro‘yxatga qo‘shishi mumkin.
Futbol akademiyasida shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, platformaga kiritilmagan yosh futbolchilar, shuningdek, taqiq kuchga kirganidan keyin «Bunyodkor» akademiyasiga qabul qilingan tarbiyalanuvchilar taqiqlar olib tashlanmaguniga qadar Liga musobaqalarida «Bunyodkor» sharafini himoya qila olmaydi», — deyiladi xabarda.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi