O‘zbekiston Superligasi ishtirokchi klublari 2026 yilgi mavsumdan boshlab davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Bu haqda Prezident qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida qayd etilishicha, 2026 yilda Superliganing 16ta klubini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun har bir jamoaga 35 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Qarorda Pro liga klublari ham moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi belgilangan.
Futbol klublariga bu mablag‘ Sport vazirligi qoshidagi maxsus jamg‘armadan taqsimlanadi. 2026 yilda davlat byudjetidan futbol klublari, Olimpiya va paralimpiya harakati hamda sport federatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 700 milliard so‘m ajratilgan. Hujjatda mablag‘ning taqsimlanish miqdorlari, ajratilish muddatlari ham aniq ko‘rsatilgan.
Shuningdek, xususiy kompaniya va homiylarga professional futbol klublariga homiylik qilish bo‘yicha imtiyoz berilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekneftgaz» davlat kompaniyasi yil boshida «Bunyodkor», «Nasaf» va «Buxoro»ga homiylik qilishni to‘xtatgan edi. Shundan so‘ng «Nasaf» Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan, «Buxoro» esa Buxoro viloyati hokimligi tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelinayotgan edi.
Avvalroq, 2026 yilda Superligada eng katta yillik byudjet «Neftchi», «Andijon», «Paxtakor», «Nasaf» va «Navbahor»da ekani haqida xabarlar tarqalgan edi. Xususan, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning tashabbusi bilan «Neftchi» oldiga yuqori maqsadlar qo‘yilgan bo‘lib, klubning yillik byudjeti 170 milliard so‘mdan ko‘proqni tashkil qilishi aytilgan edi.