"Navbahor" bosh murabbiyi Sherzod Jo'rayev Superliga 29-turning doirasidan o'rin olgan "Mash'al" (0:0) bilan o'yindan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
"Raqibning so'nggi ikki o'yinini ham tahlil qilib chiqqandik. Ular "Qo'qon-1912" va "Nasaf"ni mag'lub etishgan, shu sabab ruhiy ustunlikka ega edi. Bizda esa markazda Jamshid Boltaboyev va Benjamin Teydi kabi jiddiy yo'qotishlar bor edi. Shuningdek, Muhammadali G'iyosov ham yo'q edi. Natijada rotatsiya qildik, Komil Tojiddinov va Sherzod G'ulomjonov kabi mahalliy futbolchilarimizga imkoniyat berdik. Yigitlarga rahmat aytaman. Ular borlarini berishdi. Bor masalliqlardan ovqat pishirishga harakat qilyapmiz.
Bugun ortga ko'p pas berganimiz? Aslida men doim faqat oldinga uzatma berish va ko'plab xavfli vaziyatlar yaratish tarafdoriman. Ammo bugun markazdagi asosiy o'yinchilarimiz yo'qligi bois bog'lamlar yaratishga qiynaldik. Shu sabab darvozabon bilan ko'p o'ynadik. O'z navbatida "Mash'al"ning yuqori pressingini ham ta'kidlash kerak", — deydi Jo'rayev.