Oʻzbekiston U-17 jamoasi Toif shahrida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini boshladi. OʻFA matbuot xizmati bosh murabbiy Sergey Chigodayevning musobaqa oldidan fikrlariga quloq tutdi.
Osiyo kubogiga tayyorgarlik haqida:
"Yigʻinimizni 15 aprelda Toshkentda boshladik. Mashgʻulotlar 2 mahal boʻlib oʻtdi, ertalab asosan jismoniy tayyorgarlikka eʼtibor qaratildi, kechki mashgʻulotlarda esa texnik-taktik ishlanmalarga urgʻu berdik.
Yigʻin davomida psixolog bilan ham ishladik, bunday musobaqalar oldidan ruhiy jihatdan tayyor boʻlish ham muhim hisoblanadi.
Umuman olganda futbolchilarimiz reja boʻyicha tayyorgarlik olib borishyapti, jiddiy jarohatlar yoʻq. Bugun Saudiya Arabistoniga yetib keldik va birinchi mashgʻulotni ham oʻtkazdik. Toifda yigʻinlarimizni davom ettiramiz va musobaqa payti Jidda shahriga koʻchib oʻtamiz.
Saudiya bilan oʻyin haqida:
"25 aprelda Saudiya Arabistoni bilan nazorat oʻyinida maydonga tushamiz. Ular bilan shu kungacha 3 marta oʻynaganmiz, texnik tomondan yaxshi shakllangan jamoa, individual mahoratli futbolchilari bor. Osiyo kubogi oldidan bu oʻyin biz uchun tayyorgarlik vazifasini oʻtab beradi", - deya Chigodayevning soʻzlaridan keltiradi OʻFA matbuot xizmati.
Avvalroq Oʻzbekiston U17 jamoasining Osiyo kubogi uchun yakuniy qaydnomasi eʼlon qilingandi.