Dam olish kunlari yevrofutbol muxlislarini bir qator qiziqarli oʻyinlar kutib turibdi. Tribuna.uz oʻz an'anasiga koʻra, uik-endning quyidagi markaziy oʻyinlarini tomosha qilishni tavsiya qiladi.
Osasuna – Real
Shanba, 22:30
Hafta oʻyinlari anonsini qiziq bir fakt bilan boshlaymiz: «Osasuna» La Ligadagi ketma-ket 32 ta uy oʻyinida gol urgani. Seriya qariyb 2 yil davom etyapti, shuning uchun «Real» uni uzadi, deb oʻylash soddalik boʻladi. Demak, «qaymoqranglilar» ushbu uik-endni shartli 0:1 hisobida boshlaydi.
Oʻtgan mavsum «Osasuna» uyda na «Barselona»ga, na «Real»ga yutqazgan. Hozir esa 5 turlik magʻlubiyatsiz seriyada - soʻnggi yillardagi eng yaxshi formasida. Intriga oʻylab topishning hojati ham yoʻq: bu «Real»ning qoqilishi mumkin boʻlgan oʻyini.
Hozir madridliklar xayolan «Benfika»ga qarshi javob oʻyinida. Hafta oʻrtasida Portugaliya poytaxtida juda katta kuch sarflashdi. «Real» mavsumdagi eng qiyin safarlardan biriga noqulay pallada yoʻl olyapti. Ochko yoʻqotish ehtimoli juda yuqori.

Manchester Siti – Nyukasl
Shanbadan yakshanbaga oʻtar kechasi, 01:00
Bu bahsni Husanov uchun ham koʻramiz. Ammo Diash qaytdi va oʻynashga tayyor, Gehi - katta maoshli himoyachi, demak asosiy tarkibda joyi kafolatlangan. Abduqodir uchun «chempionlik raundlari» boshlanmoqda: yo hozir oʻzisisiz boʻlmasligini isbotlaydi, yo mavsum oxirida yana zahiraga oʻtadi. U «Nyukasl»ga qarshi asosiy tarkibda tushishi mumkin. Va masalan, Gordonni «eyishi» mumkin. Yoki kubokda boʻlgandek Voltemadeni.
Chempionlik poygasidagi imkoniyatlarni saqlab qolish uchun «Man City» «Arsenal»ning qoqilishidan foydalanib, «kanonirlar»ga yaqinlashishi shart. Uddachidan chiqishadimi? Hafta oʻrtasida «Nyukasl»ning Chempionlar ligasidagi top-oʻyinidan keyin shubhalar boʻlishi mumkin.
Atalanta – Napoli
Yakshanba, 19:00
«Atalanta»da hujum chiziqida futbolchilar yetishmovchiligi hatto biroz kulgili koʻrinadi. De Ketelare jarohat olgan. Shu sabab Raspadori ham yoʻq. Lukman sotildi. Hozir Palladino ixtiyorida uchta pozitsiya uchun kamida 6 ta yaxshi markaziy himoyachi bor, ammo hujumda Skamakka va bir nechta noma'lum futbolchilar.
«Napoli» ham muammosiz emas: De Bryuyne yoʻq. Di Lorenzo yoʻq. Rrahmani yoʻq. Balki Maktominey va Angissa ham yoʻqdir. Xullas, tarkib borasidagi muammolar yetarlicha.
Gʻalaba eng kuchli jamoaniki emas, balki boshlangʻich tarkibdagi muammolarni yaxshiroq yopgan murabbiyniki boʻladi. Palladinoga qarshi Konte! Ideal tarkiblardagi duelnini koʻrishni istardik, ammo nima ham qila olardik…
Tottenhem – Arsenal
Yakshanba, 21:30
«Arsenal»ning APLdagi oxirgi 7 oʻyinida atigi 2 gʻalabaga erishilgan. Hafta oʻrtasida chempionat doirasida autsayderga qarshi ochko yoʻqotildi. «Man City» bilan oradagi farq 5 ochko, ammo «shaharliklar»da bitta zahira oʻyini bor. Hamma narsa takrorlanyapti: «kanonirlar» bahorgacha ligada yetakchilik qiladi, keyin esa orzudagi sovrinni raqibga berib qoʻyadi. Yoki bu safar boshqacha boʻladimi?
Jamoa hali ham chempion boʻlishiga ishonmoqdami? Javobni yakshanba kechqurun derbida berishga harakat qiladi. Ha, inqirozdagi «Tottenhem»ga qarshi. Ammo bu endi Tudor boshchiligidagi «Tottenhem». U jamoani oʻyinga tayyorlay oladi. London derbisi koʻp narsani va'da bermoqda.
Everton – Manchester Yunayted
Dushanbadan seshanbaga oʻtar kechasi, 01:00
«Qizil iblislar» atrofida har doim shov-shuv koʻp, yutishsa ham, yutqazishsa ham. Hozir esa yutyapti: Kerrik qoʻl ostida APLda 15 ochkodan 13 tasini oldi. Hammaga gol urdi. Ancha gol oʻtkazdi. Maydonda juda qiziqarli va ochiq oʻynadi.
«Everton» maydonida ham shunday davom etadimi? Oson boʻlmaydi. Liverpulliklar APLning oxirgi 6 oʻyinida faqat 1 marta yutqazdi va top-8gacha koʻtarildi. Koʻp yillardan beri birinchi marta evrokuboklarga juda yaqin. Dushanba oqshomida bu bahsni albatta koʻrish kerak.