Oʻzbekiston milliy jamoasi safidagi rasmiy debyutida gol urgan va ikkita yaqqol golli vaziyatni qaytarib, Gabonga qarshi bahsning eng yaxshi oʻyinchisiga aylangan Jahongir O'rozov koʻpchilik e'tiboriga tushdi. Aslida esa 22 yoshli himoyachi roppa-rosa 3 yil avval Abduqodir Husanov bilan himoya tandemini tashkil qilib, Oʻzbekiston yoshlar jamoasi bilan Osiyo kubogi gʻolibiga aylangandi. Husanov 100 ming yevroga «Lans»ga, O'rozov 300 ming yevro evaziga turk klubiga oʻtgan, ammo 19 yoshli himoyachining Turkiyadagi faoliyati oʻxshamagandi. Vadim Abramovning Jahongirni «Dinamo»ga chaqirishi yosh himoyachining faoliyatida burilish yasadi.
Husanov – O'rozov tandemining boshlanishi
Jahongir O'rozov va Abduqodir Husanov «Bunyodkor» akademiyasi tarbiyalanuvchilari boʻlib, aynan ushbu himoya tandemi klubning turli yosh jamoalarida birga harakat qilgan. Shu tariqa, Ravshan Haydarov yoshlar jamoasi ustoz sifatida O'rozov – Husanov tandemiga Oʻzbekiston U20 jamoasi himoya markazini ishonib topshirgandi.

Bu himoya juftligi 2023 yil Oʻzbekiston U20 jamoasida porlab chiqqan va yoshlarimiz Toshkentdagi Osiyo kubogida chempionlikni qoʻlga kiritgan edi.
JCh-2023dan keyin ayro ketgan taqdirlar
Argentinada oʻtgan yoshlar oʻrtasidagi 2023 yilgi jahon chempionati guruh bosqichida bu duet ochilish oʻyinida mezbonlarga qarshi saf tortgan va yoshlarimizdan Mahmud Mahammadjonov hisobni ochgan boʻlsa-da, yakunda Argentina gʻalaba qozongandi – 1:2. Shunga qaramay, yoshlarimiz mezbonlar bilan guruhdan birga chiqib, turnirni 1/8 finalda yakunlagandi.

Koʻp oʻtmay, Husanov dastlab 100 ming yevro transfer puli evaziga «Energetik-BGU»dan «Lans»ga, keyin esa «Man Siti»ga oʻtgan boʻlsa, O'rozov esa 300 ming yevro evaziga Turkiyaning «Eyupspor» klubiga transfer qilingandi.

Abramovdan taklif va «Dinamo» tanlovi
Oʻzi uchun yangi muhit boʻlgan turk klubida yetarlicha oʻyin amaliyoti berilmay zaxirada qolib, Jahongir faoliyatida eng toʻgʻri qarorlardan birini qabul qildi va 2024 yil yarmida Vadim Abramov taklifiga koʻra «Dinamo» safiga qoʻshildi. Oʻyin amaliyoti va yanada oʻsishni istagan 21 yoshli markaziy himoyachi bir yil ichidaoq «Dinamo»ning yetakchilaridan biriga aylanishi va Superliganing eng yaxshi himoyachilari qatorida e'tirof etila boshlandi.

Vadim Karlenovichning jamoaviy oʻyinida muhim rolga ega boʻydor himoyachi 22 yoshdaoq yetakchilik qobiliyati, barqarorligi, goli va uzatmalari evaziga Samarqand jamoasining vitse-sardoriga aylandi.
Kannavarodan ilk chaqiruv va superdebyut
O'rozovning «Dinamo»dagi oʻsishiga e'tibor qaratgan Fabio Kannavaro ilk bor himoyachini 2025 yilning oktabr oyida Oʻzbekiston milliy jamoasiga chaqirdi. Ikki oy avval – yanvar oyida esa Dubaydagi yigʻinda Xitoy milliy jamoasiga (2:2) qarshi yopiq oʻtgan bahsda maydonga tushirib, sinovdan oʻtkazdi.
Jahongir mart oyidagi Gabon va Venesuelaga qarshi oʻyinlar uchun chaqirilgan oʻyinchilar roʻyxatidan ham joy olgach, koʻpchilik Kannavaro Orozovni asosiy tarkibga kiritishini kutmagandi. Ammo bungacha 22 yoshli himoyachining Superligadagi oʻyinlarini kuzatib kelgan italiyalik mutaxassis Abduqodir Husonov diskvalifikatsiya sabab oʻyinni oʻtkazib yuborgan bahsda O'rozovga ishonch bildirdi. U esa Gabon bilan oʻyinda ikki marta milliy jamoa darvozasini goldan saqlab qoldi va debyutida gol ham urishga erishdi.

Shu tariqa, uchrashuvning eng yaxshi oʻyinchisi deb topilgan Jahongir Orozovning 2026 yilgi jahon chempionatiga borish imkoniyati paydo boʻldi. Husanov – O'rozov himoya tandemini navbatdagi mundialda ham koʻrishimiz ehtimoli yuqori.
Transfer bahosi ikki baravar oshgan himoyachi
Maydonda himoyachilarga xos jangovarligi bilan ajralib turadigan Jahongirning transfermarkt portalidagi bahosi ham oshmoqda. «Dinamo» safiga qoʻshilgan paytda 300 ming yevroga baholangan 20 yoshli himoyachining hozirgi paytdagi bahosi 600 ming yevroga baholanmoqda. U bu borada Samarqand klubidagi eng qimmatbaho ikkinchi oʻyinchi sanaladi.

Eron klubi taklifini rad etgan, Germaniya va A Seriya klubi e'tiboridagi himoyachi
2025 yilda O'rozov Eron klubi taklifini rad etgani, unga Germaniya Bundesligasi, Italiya A Seriyasi klublari qiziqish bildirmoqda. Turli xabarlar tarqalgan boʻlsa-da, Jahongirning «Dinamo» bilan 2027 yil yakuniga qadar shartnomasi borligini unutmaslik lozim.

Superliganing eng yaxshi himoyachilaridan biri qachonlardir «Dinamo»dan saviya jihatdan kuchli xorij chempionatiga yoʻl olgan taqdirda ham, O'rozovning transferi 2025 yilda amalga oshgan Joel Kojoning «Dinamo»dagi transfer rekordini yangilashi aniq.

Vadim Abramov qoʻl ostida jamoaviy oʻyin, italiyalik sobiq himoyachi Fabio Kannavaro boshqaruvidagi Husonov bilan avvalgidek tandem Orozovning yanada oʻsishiga xizmat qiladi. Husanov – O'rozov tandemi JCh-2026da ham bosh jamoamiz markaziy himoya qoʻrgʻonini tashkil etsa ajab emas.