O‘zbekistonda 1 iyul kuni yozgi transfer oynasi boshlandi.
Davra oralig‘idagi dastlabki yirik transferni «Sog‘diyona» amalga oshirdi va O‘zbekiston olimpiya jamoasining sobiq sardori Jasur Jaloliddinovni o‘z safiga qo‘shib oldi.
«Sog‘diyona» tarkibni bir nechta tajribali futbolchilar bilan kuchaytirishni maqsad qilgan.
Iqtidorli yarimhimoyachi Jasur Jaloliddinov bilan klubimiz 1,5 yillik mehnat shartnomasi imzoladi.
Ma’lumot uchun, 23 yoshli futbolchi professional faoliyati davomida «Bunyodkor», «Lokomotiv» Moskva, «FK Tambov» (Rossiya), «Andijon», «Lokomotiv» Toshkent, «Qayrat» (Qozog‘iston), «Olimpik», «Neftchi» va «Sumqayit» (Ozarbayjon) klublarida harakat qilgan.
Jasur O‘zbekiston U-19, U-21 va U-23 jamoalarida 40 dan ortiq o‘yin o‘tkazib, 11 ta gol muallifi bo‘lgan.
Milliy jamoa safida esa ilk o‘yinini 2020 yil 23 fevral kuni Belarusga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida (0:1) o‘tkazgan.
Shuningdek, Jasur U-23 jamoasi tarkibida 2024 yilgi Osiyo Kubogi finaligacha yetib borib, Parij-2024 Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.
«Sog‘diyona» PFK nomidan Jasur Jaloliddinovga jamoamizga xush kelibsiz deymiz va ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!» — deyiladi Jizzax klubi xabarida.
