Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi (KFA) 2011–2012-yillarda terma jamoa o‘yinlariga hakamlik qilgan xorijlik hakamlar uchun intim xizmatlar ko‘rsatilgan massaj salonlariga korporativ kartalar orqali to‘lov qilgan. Bu haqda Janubiy Koreya Madaniyat, sport va turizm vazirligining 2016 yildagi auditi haqida hujjatlarni e'lon qilgan JTBC xabar berdi.
Telekanal ma'lumotiga ko‘ra, KFA kamida yettita uchrashuv oldidan Seul, Changvon va Ulsandagi massaj salonlaridagi xizmatlar uchun 198 mingdan 750 ming vongacha mablag‘ to‘lagan. Bu uchrashuvlar orasida 2014 yilgi Jahon chempionati uchinchi saralash bosqichi doirasidagi Janubiy Koreya – Kuvayt bahsi ham bor.
Yonhap agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, mazkur uchrashuvlarda ishlagan hakamlar Yaponiya, BAA, Eron, Bahrayn va O‘zbekiston kabi mamlakatlardan bo‘lgan. Biroq aynan qaysi o‘zbekistonlik hakamlar ushbu xizmatlardan foydalangani haqida ochiqlangan ma'lumotlarda aniq ismlar keltirilmagan.
Hujjatlarda qayd etilgan holatlar orasida 2012-yil 29-fevralda Jahon chempionati saralashining Kuvaytga qarshi uchrashuvi ham bor. O‘sha kuni KFA korporativ kartasi orqali Seuldagi massaj salonida ikki hakam uchun 500 ming von to‘langan. O‘sha uchrashuvni yaponiyalik hakam Yuichi Nishimura boshliq hakamlar brigadasi ishlagan. Yana bir holat 2011-yil sentyabrda qayd etilgan: Olimpiada saralashidagi Janubiy Koreya – Ummon o‘yinidan ikki yarim soat oldin Changvonda to‘rt hakam uchun massaj salonida 760 ming von to‘langan. Bu uchrashuvni o‘zbekistonlik mashhur hakamlar brigadasi boshqargan.
Hatto ayrim to‘lovlar uchrashuvlar vaqtida amalga oshirilgan. 2012-yil 14-mart kuni Janubiy Koreya – Qatar o‘yini davomida hakamlar faoliyatini kuzatgan komissiya a'zosi uchun Seuldagi massaj salonida 198 ming von to‘langan.
Janubiy Koreya ushbu yettita uchrashuvning birortasida mag‘lub bo‘lmagan: beshta g‘alaba va ikkita durang qayd etilgan. Biroq xizmatlar hakamlarning qarorlari yoki uchrashuvlar natijasiga ta'sir qilganini tasdiqlovchi dalillar ochiqlanmagan.
JTBC bilan suhbatlashgan sobiq KFA xodimlari bunday amaliyot o‘sha davrda «odatiy hol» bo‘lganini aytgan. Sobiq hakamlik departamenti rahbari esa tashabbus ko‘p hollarda hakamlarning o‘zidan chiqqanini bildirgan. Uning aytishicha, federatsiya hakamlarga yaxshi munosabatda bo‘lish va ular bilan iliq aloqa o‘rnatishga harakat qilgan.
KFA esa voqealar qariyb 15 yil oldin sodir bo‘lganini ta'kidladi. Federatsiya ma'lumotiga ko‘ra, 2013-yildan korporativ kartalardan massaj salonlari va karaokelarda foydalanishni taqiqlovchi «toza kartalar tizimi» joriy qilingan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi