«Bunyodkor» futbol klubida yordamchi murabbiy lavozimida ishlab kelgan Sergey Arslonov 61 yoshda vafot etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Tojikistonlik murabbiy futbolchilik faoliyati davomida «Pomir» (Tojikiston), «Kuban» (Rossiya) va «Navbahor» sharafini himoya qilgan bo'lsa, murabbiy sifatida «Qizilqum», «Dinamo» va «Bunyodkor» klublarini boshqargan. Sergey Il'yosovich 2008 yilda Ahmad Ubaydullaevning yordamchisi sifatida O'zbekiston U19 jamoasi bilan Osiyo kubogi va yoshlar o'rtasidagi 2009 yilgi jahon chempionatidagi ishtiroki bilan nom qozongan edi.
Tribuna.uz manbasiga ko'ra, murabbiy uch hafta avval og'ir xastalikka uchragani ma'lum bo'lgan va tibbiy muolajalarga qaramay, 22 sentyabr kuni vafot etgan. Murabbiyning dafn marosimi bugun, 23 sentyabr kuni soat 12:30da Do'mbirobod qabristonida o'tkaziladi.
Tribuna.uz sayti Sergey Il'yosovichning vafoti munosabati bilan uning oila a'zolari, xususan o'g'li, «Neftchi» jamoasi murabbiyi Sergey Sergeyevich Arslonovga hamdardligini bildiradi.