Bugun
30
O'zbek

Baxtiyor Qosimov: "Bu taklifni qabul qilishda hech qanday ikkilanish bo'lmadi"

Futbol
20 avgust, 04:02
Tribuna.uz muxbiri Iroqning "Amanat Bag'dad" a'zosiga aylangan futbolchi bilan bog'landi.
Baxtiyor Qosimov: "Bu taklifni qabul qilishda hech qanday ikkilanish bo'lmadi"
Foto: Tribuna.uz

O'zbekistonlik yarim himoyachi Baxtiyorjon Qosimov Iroqning "Amanat Bag'dad" a'zosiga aylandi. Tribuna.uz muxbiri futbolchi bilan bog'landi.

- Baxtiyorjon, Iroq klubiga yo'l olishingiz qanday amalga oshdi?

- Hammayoq birdaniga bo'lib ketdi. O'zbekistonda transfer oynasi yopilishiga bir kun qolganida Iroq klubidan taklif keldi. Hammasi Allohning izni bilan sodir bo'ldi. Taklifni o'rganib chiqdim. Barchasi menga ma'qul keldi. Natijada bunga rozilik berdim. Klub bilan bir yillik bitim imzoladim.

- Taklifni qabul qilishda ikkilanmadingizmi?

- Yo'q. Yana bir marta legioner sifatida o'ynash imkoniyati paydo bo'ldi. Bundan tashqari Iroq chempionatida o'ynaydigan birinchi o'zbekistonlik futbolchi bo'lishim ham qiziq tuyuldi. Aslida bu mamlakat chempionati Osiyoda o'z o'rniga ega. Kuchli ligalardan biri ekanligi ham taklifni qabul qilishimga sabab bo'ldi.

- Oila a'zolaringiz tomonidan qarshilik bo'lmadimi?

- Avvalo taklif bo'lganidan so'ng darhol otam bilan maslahatlashdim. Oila a'zolarim ham rozilik berishdi. Hech qanday ikkilanish bo'lgani yo'q.

- Klub tomonidan yaratib berilgan sharoitlar sizga ma'qul keldimi?

- Albatta. Klub shartnomada ko'rsatilgan barcha sharoitlarni yaratib berdi. Bundan xursandman. Hech qanday muammolar yo'q.

- "Amanat Bag'dad" klubida sizdan tashqari yana nechta xorijlik futbolchilar bor?

- Mendan tashqari yana 5 nafar legioner bor. Ular orasida "Vest Hem", "Valensiya" va "Galatasaroy" kabi klublarda o'ynagan Sofyan Feguli ham bor. Bunday tajribali futbolchining borligi ham klubning o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'yganidan dalolat.

- Mamlakatning ob-havosi qanday va moslashishda qiyinchiliklar yo'qmi?

- Hozirda biroz issiq havo. Lekin iqlimga tobora moslashib boryapman.

- Jamoangiz o'z oldiga qanday maqsadlarni qo'ygan?

- Iloji boricha eng yuqori o'rinlardan birini egallashimiz kerak. Umid qilamanki, biz buni uddasidan chiqa olamiz. Chunki jamoamizda yaxshi o'yinchilar to'plangan.

Foto: Tribuna.uz
Bugungi yangiliklar