O‘zbekistonlik yarimhimoyachi Sardor Jahonov Afg‘oniston chempioni "Abu Muslim" klubi bilan shartnoma imzoladi. Shundan so‘ng Tribuna.uz muxbiri u bilan suhbatlashdi.
"Afg‘onistonning "Abu Muslim" jamoasi OFK Challenge turnirining saralash o‘yinlarida qatnashadi. Shu sabab tarkibni kuchaytirishni rejalashtirishgan. Natijada menga taklif bilan chiqishdi. Jamoani ispan murabbiyi boshqarmoqda. U ilgari Hindistonda ishlagan va meni yaxshi biladi. Hamma sharoitlari ma’qul keldi va o‘zaro kelishuv asosida bir oylik bitim imzoladim. 12-avgust kuni OFK Challenge kubogida Butan klubiga qarshi o‘ynaymiz.
Bu o‘yinga tayyorgarlikni davom ettiryapmiz. Ispaniyalik mutaxassis qiziqarli mashg‘ulotlar olib bormoqda. Maqsadimiz g‘alaba qozonish. Tayyorlik ham shunga yarasha davom etmoqda.
Jamoada mendan tashqari yana 5 nafar legioner futbolchilar bor. Afrikalik 2 nafar, Kolumbiya, Braziliya va Angliyadan futbolchilar ham "Abu Muslim"da to‘p surmoqda.
To‘g‘risi, Afg‘oniston klubini tanlaganim sababi OFK Challenge kubogi saralashida o‘ynashni istadim. Agar raqibimizni yenga olsak, turnirda ishtirokimizni davom ettirishimiz mumkin. Aynan shu jihati "Abu Muslim"ning taklifini qabul qilishimga turtki bo‘ldi", – deydi Jahonov.