Live
1
Ру

Islom Mamatqazin: «Navbahor» bilan maqsadim — chempionlik va Kubokni yutish»

Эксклюзив
30 июня, 13:16
Mamatqazin «Navbahor»ga chempionat boshida qo‘shildi. Superligada 8 ta o‘yinda maydonga tushdi.
Иззатбек Абдувахобов Редактор
Islom Mamatqazin: «Navbahor» bilan maqsadim — chempionlik va Kubokni yutish»
Фото: Андижон ПФК

Namanganning «Navbahor» klubi ayni paytda yozgi yig‘inini Turkiyada davom ettirmoqda. Jamoa 11 turdan so‘ng chempionatda 4-o‘rinda.

Tarkibida mahoratli va shu bilan birga kelajagi porloq futbolchilar yig‘ilgan. Ulardan biri iste’dodli himoyachi Islom Mamatqazin va u hozirgi paytga kelib namanganliklarning himoya qo‘rg‘onida mustahkam o‘yinchilardan biriga aylangan.

Mamatqazin «Navbahor»ga chempionat boshida qo‘shildi. Superligada 8 ta o‘yinda maydonga tushdi va 1 ta gol urdi. Kubok bahsida esa 2 ta uchrashuvda qatnashdi.

Islom namanganliklar tarkibida Turkiya yig‘inida qatnashish bilan birga Tribuna.uz uchun intervyu berishga ham vaqt topdi.

- «Navbahor» bilan Turkiya yig‘inida qatnashyapsiz. Ayting-chi, u yerdagi yozgi yig‘in qanday o‘tyapti?

- Turkiyada yig‘in boshlaganimizga ham bir haftadan oshdi. Birinchi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdik. Hammayoq yaxshi kechyapti, qiziqarli. 2 iyul kuni Turkiyaning «Istanbul Bashekshehir» jamoasi bilan o‘ynaymiz. Bu bahs ham qiziqarli bo‘ladi.

- U yerdagi tayyorgarlik jarayonida eng asosiy narsa nima?

- Turkiyada avvalo, jismoniy holatga e’tibor qaratilgan. Qolaversa, yaxshi sparring-raqiblar bilan o‘yinlarimiz bor.

- Ma’lumki, mavsum avvalida klubga qo‘shildingiz. Boshida zahiradan tushib o‘ynadingiz, keyin asosiy tarkibdan joy oldingiz. Murabbiyning ishonchini qozonish uchun nima qildingiz?

- Ha, klubga yil boshida qo‘shilgandim. Zahirada? Baribir hammada moslashish jarayoni bo‘ladi. Men bilan bog‘liq asosiy sababi shundaki, o‘tgan yili oxirgi 4 oyni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandim. Jarohatim yaxshi tuzalmaganligi bois bu yerga kelib, boshida sport formamni tiklash uchun biroz qiyinchiliklar bo‘ldi. Xudoga shukur, keyin barchasi yaxshi bo‘lib ketdi.

- Timur Kapadze bilan ilk bor ishlayapsiz. Oldin u sizni olimpiya milliy jamoasini boshqargan paytda ham yig‘inga chaqirganini bilaman. Kapadzega qanday ta’rif berasiz? U bilan ishlash qanday kechyapti?

- To‘g‘ri aytasiz, Kapadze bilan ko‘p ishlamagan bo‘lsam ham avvallari bir-ikki bor milliy jamoa yig‘inlariga chaqirgan. Timur Kapadze bilan ishlash yaxshi. Taktik va yana boshqa jihatlar bo‘yicha ko‘p narsa o‘rgansa bo‘ladi.

- Klubning hozirni egallab turgan o‘rni o‘yiniga mos deya olasizmi?

- Jamoamizni turnir jadvalida egallab turgan o‘rniga kelsak, biz bundan ham yuqorida bo‘lishga loyiqmiz. Jamoa 90 foizga yangilangan. Shu sababdan boshidan futbolchilarni bir-birini to‘liq tushunib olishi uchun vaqt ketdi.

- Ilgari «Andijon»da himoyachi sifatida gollar urib turardingiz. «Navbahor»da ham bu ishni bajarishni qanchalik xohlaysiz yoki murabbiylar himoyadan chiqmasligingizni aytishadimi?

- «Andijon»dagi faoliyatimga kelsak, ko‘proq standartlarga urg‘u qaratilardi va biz ham hujumga yordamga o‘tardik. Vaziatlarimiz ko‘p bo‘lardi. Bu yerda asosan o‘yinni nazorat qilish taktikasi asosida harakat qilyapmiz.

- Ma’lumki, 2024 yilgi O‘zbekiston Kubogi finalida «Navbahor»ga gol urgansiz. Bu jamoaga kelganingizda o‘sha final va golingizni eslashdimi?

- Ha, bu jamoaga Kubok finalida gol urgandim. Lekin Kubokdan tashqari boshqa o‘yinlarda ham bir necha bor «Navbahor» darvozasini ishg‘ol qilganman. Boshida meni hazil-huzul qilib yaxshi kutib olishdi. Goho eslab turamiz, yaxshi xotira bo‘lib qolgan.

- Jamoada eng yaqin do‘stingiz kim? Ko‘proq kim bilan muloqot qilasiz?

- Jamoada ichki muhit zo‘r, hamma bir-biri bilan do‘stona. Mahalliy o‘yinchilardan Diyor Xolmatov, Muhammadali Usmonov, Shukron Yo‘ldoshev, legionerlardan Giorgi Jgerenaia bilan ko‘p muloqotdamiz. Lekin umumiy olganda, barcha yigitlar bilan ajoyib muhit shakllangan.

- «Navbahor» bilan oldingizga qo‘ygan asosiy maqsadingiz nima?

- «Navbahor» bilan maqsadlar yuqori. Jamoa bilan chempionlik va Kubokni yutish. Xudo xohlasa, qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz.

Главное за сегодня