Live
4
O'zbek

Yorqin Nazarov: "Kattaqo‘rg‘onga bormaganimda bunday tarkib yig‘ilmasdi"

Futbol
9 iyun, 10:54
Samarqand viloyati jamoasi Nazarov o‘rniga Yuriy Utkulbaevni olib keldi.
Izzatbek Abduvakhobov
Izzatbek Abduvakhobov Editor
Yorqin Nazarov: "Kattaqo‘rg‘onga bormaganimda bunday tarkib yig‘ilmasdi"
Фото: Каттақўрғон ПФК

Xabaringiz bor, bu yilgi proligada intriga ancha ortib ketdi. Sababi, Superliga yo‘llanmasi uchun kurashayotgan klublar ko‘payib qoldi. Bu yil pro ligada debyutini o‘tkazayotgan va o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan "Kattaqo‘rg‘on" jamoasida yaqinda murabbiy almashti.

Mavsum avvalida Yorqin Nazarov bosh murabbiy sifatida ishga kirishgandi. Biroq 7-turdan so‘ng murabbiy iste'foga chiqarildi va o‘rniga rossiyalik Yuriy Utkulbaev taklif qilindi. Nazarov ishdan ketishini kutmagan ekan va buni u quyidagi suhbatda aytib o‘tdi.

- Mavsum boshida "Kattaqo‘rg‘on" klubi bosh murabbiyi sifatida ish boshlagandingiz. Biroq chempionat yarmiga kelib iste'foga chiqdingiz. Aslida nima bo‘ldi?

- Birinchidan, meni chaqirishgan paytda "Kattaqo‘rg‘on" hali hech kimga tanilmagan jamoa edi. "Lokomotiv"da ishlab turgandim. Klub menga yana shartnoma taklif qilayotgan edi. Lekin "Kattaqo‘rg‘on" keling deb turib oldi, Superligaga chiqish maqsadi qo‘yilganini aytishdi. Fikrimcha, tarkib bo‘yicha yomon jamoa tuzmagandik. Bizni ishdan bo‘shatish uchun o‘yinlarda ham u qadar katta muammo ko‘rmayotgandim. Birinchi o‘rindagi jamoa bilan farqimiz 3 ochko edi. Bitta yutuq bo‘lsa birinchi o‘ringa chiqib oladigan holatda turgandik. To‘satdan boshqa murabbiy olib kelishdi. To‘g‘risini aytsam, o‘zim ham tushunmay qoldim. Kubok o‘yinlarini bahona qilishayotgan bo‘lsa, unda hech qanaqa maqsad yo‘q edi.

Yana natijaga qaraydigan bo‘lsak, proligada 7 ta o‘yinning 5 tasini nolg‘a o‘ynagandik. Bizga faqat "Sho‘rtan" bilan "Orol" gol urishgandi. Oldingi chiziqda qandaydir muammolar bo‘layotgandi. Gol kam urayotgandik. Oxirgi o‘yinimiz – "Yaypan"ga qarshi bahsni oladigan bo‘lsak, 17-daqiqagacha 5 ta imkoniyatimiz bo‘lgan. 2-3 marta yakkama-yakka chiqilgan. Urolmagan, noto‘g‘ri tepgan, darvozabon qaytargan. Ozgina kamchiligimiz - gollarimiz kam edi. Bu yangi jamoa edi va hammasi birdaniga bo‘laver masdi. Avvalo nolg‘a o‘ynab, himoya va yarimhimoyani tartibga keltirib, asta-sekin jamoa o‘ziga kelayotgan edi. Lekin kutilmaganda shunaqa qaror chiqarib qo‘yishdi. "Kattaqo‘rg‘on" rahbariyatiga sabr yetmadi. Har doim xayrlisi bo‘lsin deyman.

- O‘rningizga rossiyalik mutaxassis jalb qilindi. Ketganingizdan keyin sobiq klubingizni kuzatishga ishtiyoqingiz boryaptimi?

- Qiziq tomoni, bu murabbiy himoyalanib o‘ynar ekan. Holbuki, bizda himoyada muammo yo‘q edi. Shundoq ham biz proligada eng kam gol o'tkazgan jamoa edik – 3 ta xolos. Mayli, eng asosiysi, jamoani tuzib bergandim. Menimcha, futbolchilarni 70 foizi men bormaganimda kelishmasdi. Rosti, hozir jamoani kuzatmayapman.

- Proligada ishlab ko‘rdingiz va u yerning havosini bilasiz. Superliga uchun kurashayotgan klublarni imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Barcha yetakchilarni Superligaga chiqishga imkoniyati bor. Barcha pozitsiyalarda yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. Proligani ham, Superligani ham ko‘rdik. Superligada ishlash osonroq. Sababi, u yerda barcha tashkiliy ishlar joyiga qo‘yilgan. Lekin bu yilgi proligani yaxshi tarafi, 4-5 ta jamoa raqobatlashyapti, bir-biriga yaqinroq va yaxshi jamoalar shakllantirilyapti. 1-o‘ringa chempionat oxirigacha jiddiy kurash kechyapti.

- Keyingi rejalariniz qanday?

- Hozirgi paytda oilaviy ishlar bilan shug‘ullanyapman. Bundan tashqari, oilaviy tadbirkorlikni boshlab qo‘ygandik, shuni hujjat ishlarini qilib yuribman.

- Yana murabbiylikka qaytish rejangiz bormi?

- Murabbiylikka qaytish? Bilmayman. Hozirgi kunda bu haqda o‘ylamayapman. Uyda ishlar ko‘payib ketgan ekan, shu ishlar bilan bandman. Murabbiylik to‘g‘risida hech narsa o‘ylayotganim yo‘q.

- Aftidan, kutilmaganda ishdan ketganingiz kayfiyatingiz va ishtiyoqingizga ta'sir ko‘rsatgan ko‘rinadi...

- Aytganimdek, hozircha murabbiylikni o‘ylayotganim yo‘q. Taklif bo‘lsa ham uni endi yaxshilab o‘rganib chiqish kerak. Tez ishga o‘tib, shartnomaga qo‘l qo‘yib, tezda ishdan ketish holatini yana boshimdan o‘tkazgim kelmayapti. Murabbiylik haqida o‘ylashga vaqtim ham bo‘lmayapti. To‘g‘risini aytsam, hozircha ishtiyoq yo‘q.

Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Kattaqurgon Kattaqurgon
Bugungi yangiliklar