«Real» Fly Emirates bilan homiylik shartnomasini uzaytirganini e'lon qildi.
BAA aviakompaniyasi «Real»ning futbol va basketbol jamoalari uchun bosh homiy sifatida 2031 yilga qadar qoladi. Fly Emirates «Real»ga 2011 yildan buyon homiylik qilib kelmoqda, 2013 yildan esa bosh homiy hisoblanadi.
«Shartnoma doirasida kompaniya erkaklar va ayollar jamoalarining rasmiy bosh homiysi hamda rasmiy aviakompaniyasi sifatida faoliyat yuritishda davom etadi. Shuningdek, uning brendi o‘yin formalarida, mashg‘ulot kiyimlarida va murabbiylar shtabi liboslarida aks etadi. Ushbu yangilanish La Liga tarixidagi eng uzoq hamkorlikka aylanib, ikki tomon uchun ham muhim bosqichni anglatadi», – deyiladi «Real» bayonotida.
Ma'lum qilinishicha, shartnoma uzaytirilgandan so‘ng «Real»ning Fly Emirates bilan hamkorlikdan oladigan daromadi bir mavsumda 70–80 million yevrodan 100 million yevrogacha oshadi. Bu esa Madrid klubini ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha rekordchiga aylantiradi.
Avvalroq «qirollik klubi» Olise uchun yangi taklif tayyorlayotgani ma'lum qilingan edi.