O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq hujumchisi Ja’far Irismetov jamoaning bo‘lajak jahon chempionatidagi debyuti haqida fikr bildirdi.
Bu 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘yinda sodir bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionati oldidan Timur Kapadzening o‘rniga O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyligiga, o‘tmishda dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biri, italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro tayinlandi.
«Bir qarashda yaxshi ish olib bormoqda, ammo hozircha Kannavaroning o‘yin uslubi ko‘rinmayapti. Ko‘pgina natijalarga futbolchilarning individual mahoratlari bilan erishayapmiz. Nazarimda, eng katta muammo himoyada», - deya Irismetovning so‘zlarini keltiradi Metaratings.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston FIFA reytingida 50-o‘rinni egallab turibdi. Kolumbiya (13-o‘rin) bilan bir qatorda, jamoa mundialning guruh bosqichida Portugaliya (5-o‘rin) va Kongo DR (46-o‘rin) milliy jamoalari bilan o‘ynaydi.