Superliga 15-tur doirasidagi «Andijon» – «Bunyodkor» (0:2) qarama-qarshiligidan so'ng, mehmonlar bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi:
«Bizni yaxshi kutib olishgani va ajoyib muhit yaratishgani uchun «Andijon» jamoasi hamda uning muxlislariga minnatdorchiligimni bildiraman. Oʻtgan yili ham bu yerga kelgandim. Bu yil ham keldim. Stadionda ajoyib futbol spektali va muhitini tashkil qilishdi. Oʻyinga kelsak, bu gʻalabada «Bunyodkor» klubi tizimida ishlayotgan barchaning oʻz hissasi bor. Bazamizdagi barcha ishchi-xodimlarga ushbu gʻalabani bagʻishlaymiz.
Temurxo'ja boshlang'ich tarkibda maydonga tushishi kerak edi. Ammo futbolchida katta boʻlmagan muammo bor edi. Shu bois shifokorlar bilan kelishgan holda uni zaxirada qoldirdik. Luyis Kachorri yaxshi oʻyinchi ekanligini isbotladi. Toʻpurarlar borasida Oʻzbekistondagi boshqa hujumchilar bilan raqobatlashyapti. Oʻz oʻrnida men Abduholiqovdan ham xursandman. Bizda yaxshi jamoa shakllangan, sifatli futbolchilarimiz bor. Kim maydonga tushsa, yaxshi oʻyin koʻrsatyapti. Birinchi davra tugadi, endi biroz dam olamiz. Keyin ikkinchi davraga tayyorgarlikni boshlaymiz.
Men murabbiyman. Qaysi futbolchi bilan shartnoma uzaytirish masalasida maslahat berishim mumkin, ammo jamoamiz rahbariyati bor. Koʻp narsa ularga ham bogʻliq. Sport direktorimiz ham bu masalada aniqlik kiritib oladi, deb oʻylayman. Shartnomalar, transferlar bilan rahbariyat shugʻullanadi.
Amonov shunday futbolchiki, mashgʻulotlarda yaxshi ishlaydi. Hatto, terma jamoada ham oʻynagan. Hayotda shunday vaziyatlar boʻladiki, yoʻlini topib olish uchun baʼzida qandaydir muddat ham talab qilinadi. Shu bois ayta olamanki, jamoamiz bilan unga yordam qoʻlini choʻzyapmiz. Oʻylaymanki, uning ajoyib tarixi va yaxshi holati bilan u pozitiv oʻyinchi. Maydonga tushirsam u albatta yaxshi oʻyin koʻrsatadi. Azizda yaxshi insoniylik omillari bor va tezda yana oʻz darajasiga qaytadi.
Oʻz uyimizda oʻynagan paytlarimizda qiyin oʻyinlar boʻlgandi. Baʼzida uyimizda xuddiki, yomon oʻynayotgandek tuyulishi mumkin. «Nefchti», «Surxon», «Buxoro» kabi klublarga qarshi yaxshi oʻynadik. Uyda yomon oʻynab, safarda yaxshi oʻynadik, degan faktorni bunga bogʻlamayman. Qandaydir oʻtish davri boʻlgandi. Xudoga shukr, uyda ham, safarda ham bir xil oʻynashga harakat qilyapmiz. Maydonda 11 nafar futbolchi toʻp suradi va biz doim yaxshi oʻynashga harakat qilamiz. Oʻyinlarimiz orqali muxlislarimizni xursand qilishda davom etamiz»,- dedi mutaxassis.