Tojikiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi – Petr Segrtni yaxshi eslaysiz. Uning murabbiyligida tojik futboli oldinga qadam tashladi. Segrtning tashqi ko‘rinishi tufayli uni "xorvatiyalik Eynshteyn" yoki "germaniyalik Eynshteyn" deb ham atashadi.
Segrt o‘zbek futbolini ham yaxshi biladi. Shu bois uning uchun doimo bizning futbolimiz juda qiziqarli bo‘lib kelgan.
Germaniyada istiqomat qilayotgan mutaxassis Tojikistondan ketganidan beri hali biror joyda ko‘rinish bergani yo‘q. Tribuna.uz jurnalisti esa u bilan bog‘lanib, bir qator savollarga javob oldi. U terma jamoamiz haqida motivatsiyaga boy fikrlar bildirgani e’tiborga molik.
- Janob Segrt, Tojikiston milliy jamoasini tark etganingizdan beri murabbiylikka qaytganingiz yo‘q. Buning sababi nimada?
- Bilasizmi, men bir ishdan boshqasiga osonlikcha o‘tadigan murabbiylardan emasman. Chunki men jamoaga yuragimni, butun vaqtimni, kuch va hissiyotlarimni beraman. Qolaversa, futbolchilar, xalq va butun mamlakatga 100 foiz o‘zimni bag‘ishlayman. Shuning uchun ham bundan voz kechish ancha vaqt talab qiladi. Meni o‘tmishimga qarasangiz, yangi loyihalar boshlash uchun ma’lum muddat ketganini ko‘rasiz.
Tojikiston men uchun alo‘hi o‘rin tutgan. Tojikiston xalqi, mamlakat futbol federatsiyasiga bo‘lgan hurmatim hech qachon o‘zgarmaydi.
- Darvoqe, yaqinda sizni yana Tojikiston jamoasiga qaytishingiz mumkinligi haqida ham eshitgandim. Bu rostmi?
- Bu haqida bir qancha muhokamalar bo‘lgan. Lekin men o‘ylaymanki, Tojikistonda qilgan o‘zgarishlarim bilan tojik futbolini yuqori cho‘qqiga olib chiqdik. Biz birgalikda ajoyib muvaffaqiyat qozondik. "Osiyo Kubogi-2024" dan so‘ng men biroz tanaffus qilishga qaror qildim. Tojikistonga esa kelajakda zafarlar tilayman. Mamlakat milliy o‘yinchilari va tojik xalqi hayotimda do‘st bo‘lib qoladi va ular bilan bir-birimizni doimo hurmat qiluvchilarga aylanganmiz. Lekin endi ikki tomon uchun ham oldinga qarash vaqti keldi.
- Sizni germaniyalik "Eynshteyn" deb ham atashadi. Bu ibora sizga yoqadimi?
- Men buni qabul qilishim kerak (kuladi).
- Yaqinda boshlanadigan jahon chempionatidan nimalarni kutyapsiz? Qaysi milliy jamoalarga muxlislik qilasiz?
- Dastlab shuni aytishim kerakki, bu jahon chempionati avvalgilaridan ancha farq qiladi va unda bitta aniq favoritni ko‘rmayapman. Ispaniya, Fransiya, Angliya, Portugaliya, Germaniya hamda Janubiy Amerikaning Argentina va Braziliya kabi milliy jamoalari albatta asosiy favoritlar hisoblanadi. Biroq havo harorati va o‘yinlar o‘tkaziladigan shaharlardagi ulkan masofalar jamoalar uchun jiddiy sinov bo‘ladi. Shu sababli turnir boshlanishidan oldin aniq bashorat qilish juda qiyin. Bundan tashqari, yirik futbolchilarning jarohatlari ham chempionlik poygasiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Mening fikrimcha, Fransiyada imkoniyatlar eng yuqori. Chunki ularning nafaqat asosiy tarkibi, balki 26 nafar futbolchisining deyarli barchasi yuqori saviyaga ega. Ammo Ispaniya va Portugaliya ham turnirni juda muvaffaqiyatli o‘tkazishi mumkin. Mening yashirin favoritim esa Argentina.
- Tabiiyki, O‘zbekiston milliy jamoamizni yaxshi bilasiz. Mundialda debyutant sifatida qatnashadigan jamoamizdan nima kutyapsiz?
- Menimcha, bu Osiyo jamoalari uchun kutilmagan natijalarga boy jahon chempionati bo‘lishi mumkin. Negaki, so‘nggi 12 yil ichida Osiyo futboli taraqqiyoti juda katta o‘sishga erishdi. Yaponiya, Eron, Iordaniya, Janubiy Koreya va O‘zbekiston bunga misoldir.
Men ishonamanki, O‘zbekiston hozirgi paytda ushbu jahon chempionati uchun juda qiziqarli va kuchli milliy jamoaga ega. Lekin eng muhim omil – turnirni qanday boshlash! Birinchi o‘yin Kolumbiyaga qarshi bo‘ladi. Agar O‘zbekiston g‘alaba qozonsa yoki hech bo‘lmaganda bir ochko olsa, keyinchalik hamma narsa bo‘lishi mumkin. Nazariyda, eng muhimi o‘ziga ishonch bilan o‘ynash. O‘zbekiston hujumkor futbol namoyish qilishi kerak. Buni O‘zbekiston futbolchilarining DNKsi va futbol madaniyatining bir qismi deb hisoblayman. Jamoa yuqori pressing qo‘llashi, raqibga erkin o‘ynash imkonini bermasligi va imkon qadar tezkor hujumlar bilan gol urishga intilishi kerak. Eslang, biz Tojikiston bilan qanday qilib kuchli jamoalarni hayratda qoldirgan edik. O‘sha paytda ham oldinga intilib o‘ynaganmiz. Hozirgi O‘zbekiston tarkibida ham yuqori saviyadagi futbolchilar yetarli. Shuning uchun mening murabbiy sifatidagi fikrimga ko‘ra faqat himoyada "o‘tirish" O‘zbekiston uchun muvaffaqiyatga eltadigan yo‘l emas. O‘zingizga ishonib, o‘zbekcha hujumkor futbolni namoyish eting. Men O‘zbekiston faqat jahon chempionatiga chiqish bilangina cheklanib qolmaydi, deb ishonaman. Kamida pley-off bosqichiga chiqishi mumkin. Axir Marokash ham oxirgi jahon chempionatida sensatsion tarzda 4-o‘rinni egallagan edi.
Yana shuni alohida qo‘shimcha qilmoqchimanki, Osiyoda aynan O‘zbekiston hukumati futbolga katta miqdorda investitsiya kiritmoqda. Shuningdek, O‘zbekistondagi yoshlarga futbolni rivojlantirish tizimi ham Osiyoda eng tez taraqqiy etayotgan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois O‘zbekiston futbolining kelajagi juda istiqbolli ko‘rinadi.
Jahon chempionatidan so‘ng O‘zbekiston dunyoga nimalar namoyish qila olishini ko‘ramiz. Chunki yuqori darajadagi futbol faqat futbolchilarning sifati va iste’dodiga bog‘liq emas. U shuningdek, kuchli rahbarlik hamda murabbiyning aniq futbolga qarashi hamdir. Fikrimcha, O‘zbekistonda katta imkoniyat bor va men O‘zbekiston o‘zining kuchli, agressiv va hujumkor o‘yin bilan dunyoni ijobiy ma’noda hayratda qoldirishiga umid qilaman.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.