O'zbek Ўзбек

Alamzada «Dinamo» mag'lubiyat nimaligini bilmayotgan «ajdarlar»ni taslim eta oladimi? Abramov Berdiyevga qarshi

Futbol
6 iyul, 06:53
Uchrashuv soat 20:00 da boshlanadi.
Alamzada «Dinamo» mag'lubiyat nimaligini bilmayotgan «ajdarlar»ni taslim eta oladimi? Abramov Berdiyevga qarshi
Фото: Динамо ПФК

Bugun Superliganing 15-turi doirasida «Dinamo» Samarqandda «Nasaf»ni qabul qiladi.

Turnir jadvalida peshqadamlar to‘qnashuvi deyish mumkin. Garchi Vadim Abramov shogirdlari «Neftchi»ga yutqazgan bo‘lishiga qaramay, 2-o‘rinni egallab turibdi va peshqadam «Nasaf»ni ortidan kelmoqda. Aslida samarqandliklar «Bunyodkor» va «Neftchi»gacha yaxshi o‘yin ko‘rsatib kelayotgan va natijalari bilan chempionatda intriganing yanada oshishiga sabab bo‘lgandi. Biroq so‘nggi ikki raqibga qarshi bahslarda Abramov shogirdlariga omad yoki tajriba yetishmadi shekilli.

«Nasaf» Superligada hali mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa hisoblanadi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari barqaror o‘ynamoqda. To‘g‘ri, O‘zbekiston kubogida guruhdayoq turnirni tark etdi. Biroq chempionatda yaxshi harakat qilmoqda. Peshqadam bo‘lib olgan va amaldagi chempion ekanligini boshqalarga eslatib qo‘ymoqda. Superligada ishonchli tarzda o‘ynamoqda.

O‘zaro o‘yinlarda kim ustun?

Ushbu jamoalar O‘zbekiston chempionati doirasida hozirgacha 44 marta o‘zaro bahs olib borishgan. Bu bellashuvlarning 23 tasida «ajdarlar» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 8 uchrashuvda samarqandliklar zafar quchishgan. Yana 13 o‘yinda durang natijasi qayd etilgan. To‘plar nisbati ham «Nasaf» foydasiga – 65:40.

O‘tgan mavsum Qarshida o‘tgan o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgan edi. Samarqanddagi javob uchrashuvida esa qarshiliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgan. O‘sha o‘yinda hal qiluvchi golni Abduvohid Ne'matov penaltidan muvaffaqiyatli amalga oshirgan edi.

Bugun kim yutishi mumkin?

O‘zaro o‘yinlarda mehmonlar katta ustun ekanini ko‘rish mumkin. Lekin bu natijalar tarixda qolgan. «Dinamo» avvalgi mavsumlardagiga qaraganda ancha barqaror jamoaga aylangan. Jamoa o‘yinida Abramovning imzosi ko‘zga tashlanmoqda. Agar samarqandliklar o‘z maydonida ikki mag‘lubiyatdan yetarlicha xulosa chiqargan bo‘lsa, «Nasaf»ga oson bo‘lmasligi mumkin. To‘g‘ri, yo‘qotishlar mezbonlarda ko‘proq. Lekin Abramov tajribasidan kelib chiqib, bugungi o‘yinga munosib tarkibni jangga tashlaydi.

Berdiyev esa o‘z taktikasiga sodiq qolgan holda hujumkor futbolni tanlasa kerak. Bu esa maydonda haqiqiy jang bo‘lishi mumkin. Qolganini esa o‘yin ko‘rsatib beradi.

Eslatib o‘tamiz, «Dinamo» - «Nasaf» o‘yini bugun soat 20:00 da boshlanadi.

Izzatbek Abduvakhobov
Izzatbek Abduvakhobov Editor
Bugungi yangiliklar
Oxirgi yangiliklar